Toshkent viloyatidan poytaxtimizga kiraverishdagi «Ark Buloq» bojxona posti yaqinida barpo etilayotgan yirik «Ark Buloq» xalqaro qurilish savdo majmuasi mahalliy ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlarimiz uchun keng imkoniyatlar eshigini ochishi kutilmoqda.
Bu yerda ichki ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlarning eksport salohiyatini oshirishga ko‘maklashuvchi yangi infrastruktura barpo qilinyapti.
Hozirda ulgurji va birja savdosi, eksport yo‘nalishida innovatsion texnologiyalar ancha rivojlangan bo‘lib, ulardan maksimal darajada foydalanish zamon talabidir. Xususan, import va eksport, logistika, chet ellik va mahalliy ishlab chiqaruvchilar o‘rtasidagi talab va taklifni o‘rganishdagi uzilishlar savdo aylanmasining kengayishiga to‘sqinlik qiladi.

Bu boradagi muammolar va ularning yechimi Harakatlar strategiyasining 3- va 4-ustuvor yo‘nalishlarida, shuningdek, prezidentimizning 30.10.2018 yildagi PF-5564-sonli «Tovar bozorlarida savdoni yanada erkinlashtirish va raqobatni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida ham o‘z ifodasini topgan.
Mazkur farmonlarda yuqori iqtisodiy o‘sish sur'atlarini saqlab qolish, milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish, aholi bandligi va real daromadlarini izchil oshirib borish, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish bo‘yicha maqsadli dasturlarni amalga oshirish, savdo mexanizmlarini yanada takomillashtirish, tovarlar bozorida sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish, shuningdek, tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatining samaradorligini oshirish va xarajatlarini kamaytirish, ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning raqobatbardoshligini ta'minlash uchun shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar ham belgilab berilgan.
Ko‘p turdagi savdo xizmatlarini ko‘rsatadigan yangi, ulkan innovatsion xalqaro qurilish savdo majmuasi «Ark Buloq»da esa davlat rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalarning amaldagi ijrosini ko‘rishimiz mumkin.
Majmua to‘liq ishga tushgach, nafaqat mahalliy ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlarning og‘irini yengil qiladi, balki 3 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari ham yaratilib, aholi bandligi ta'minlanadi. Bu – loyiha har tomonlama puxta ishlab chiqilganini ko‘rsatadi.



















