O‘zbekiston | 11:26 / 22.12.2020
13249
5 daqiqa o‘qiladi

«Toshkent mintaqaviy paxta terminali»ni tender orqali sotishda qanday «o‘yin» bor? Davaktiv tadbirkorga shubhali xat yubordi

Kun.uz'ga murojaat qilgan xususiy korxona vakiliga ko‘ra, u tenderga qo‘yilgan davlat aktivlarini sotib olish uchun tender komissiyasiga taklif jo‘natgan, biroq va'da qilingan bir oy o‘tsa-da, tender o‘tkazish paysalga solinmoqda. Boz ustiga Davaktiv agentligi korxonaga taklifini qaytarib olishni tavsiya etgan.

Vazirlar Mahkamasining shu yil 10 avgustdagi bayoni va «O‘zpaxtasanoat» AJni tugatish komissiyasining 17 avgustdagi qaroriga muvofiq, «Toshkent mintaqaviy paxta terminali» MChJning ustav kapitalidagi «O‘zpaxtasanoat» AJga tegishli 100 foiz ulush tanlov orqali sotilishi belgilangan.

Savdolar Davlat mulkini sotishda tender savdolarini o‘tkazish bo‘yicha davlat komissiyasi (DTK) tomonidan o‘tkazilishi ko‘rsatilgan.

Ammo, Kun.uz'ga murojaat qilgan «ENERGY TECHNOLOGY SERVICE» XK vakilining aytishicha, tanlov uchun takliflar 17 oktyabrgacha qabul qilinishi va bir oy ichida tender o‘tkazilishi aytilgan bo‘lsa-da, hamon o‘tkazilmay kelmoqda.

Bundan tashqari, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining 1 dekabrdagi 1295/01-08-sonli xatida «ENERGY TECHNOLOGY SERVICE» XKning taklifidagi sotib olish qiymati uchun to‘lov muddati ko‘pligi va investitsiya miqdori kamligi vaj qilinib, Agentlik tomonidan zaklad mablag‘i qaytarilishiga e'tiroz yo‘qligi ma'lum qilingan.

«Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xodimlari bizning tashkilotga qo‘ng‘iroq qilib, agentlik tomonidan elektron pochtamizga zaklad mablag‘imizni qaytarib olishimiz mumkinligi haqida xat yuborilganini aytishdi.

«Tanlov bo‘lib o‘tdimi?» degan savolimizga, ular: «Hali Davlat tender komissiyasi tomonidan tanlov savdosi bayonnomasi rasmiylashtirilmagan», deb javob berishdi.

Ya'ni tanlov g‘olibi rasmiy ravishda tasdiqlanmasdan turib, agentlik tomonidan bizga yuqoridagi kabi xat jo‘natilmoqda. Bundan, tanlov g‘olibi yakkaxonlik asosida agentlikning o‘zi tomonidan avvaldan belgilab qo‘yilmoqda, deb xulosa qilish mumkin.

Tanlov o‘tkazishdan o‘zi maqsad nima? Davlat budjetiga ko‘proq mablag‘ tushirib, obektni real investorga sotishmi yoki o‘z xohishiga ko‘ra berib yuborish?

Unday bo‘lsa, ko‘zbo‘yamachilik qilmasdan to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘zi avvaldan tanlab qo‘ygan xaridorga sotavermaydimi? «Biz korrupsiyaga qarshimiz» deb ko‘krakka urib jar solgandan ko‘ra!

Tushunmadik, bu ochiq tanlovmi yoki yopiq tanlovmi? Vaholanki, amaldagi tartiblarda «qatnashchilar buyurtmanomalarining va tanlov takliflari solingan konvertlarning ular ochilgungacha saqlanishi va maxfiyligini belgilangan tartibda ta'minlash lozimligi» belgilangan.

Oshkoralikni ta'minlash maqsadida, tanlov takliflari talabgorlar ishtirokida ochiqlanishi, o‘rganilishi belgilangan. Bu yerda esa takliflarning maxfiyligi va oshkoralik prinsiplari ta'minlanmayapti», – deya o‘z noroziligini bildirdi xususiy korxona direktori R.Hojimirzayev.

Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 6 oktyabrdagi 279-son qarori bilan tasdiqlangan MChJlar ustav fondlari (ustav kapitallari)dagi davlat ulushlarini sotish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 49-bandiga ko‘ra, sotish uchun tenderga qo‘yilayotgan davlat ulushi, jamiyat to‘g‘risidagi axborot qonun hujjatlarida belgilangan tartibda oshkor etilishi lozim.

Nizomning 50-bandida esa, tanlov to‘g‘risidagi xabarnomada talabgorlarning takliflari bildirilgan konvertlarni ochish va tanlov o‘tkazish sanasi, vaqti, joyi haqidagi ma'lumotlar bo‘lishi lozimligi belgilangan.

Darhaqiqat, e-auksion.uz saytida berilgan xabarnomada tanlov uchun takliflar 17 oktyabrgacha qabul qilinishi, shuningdek Davlat tender komissiyasining Obektlar savdosi yakunlari hamda ishlab chiqarish majmuasini barpo etish bo‘yicha loyihani tanlab olish to‘g‘risidagi qarori tanlovga ariza topshirishning so‘nggi muddatidan boshlab bir oy ichida OAVda e'lon qilinishi aytilgan.

Bundan tushunish mumkinki, tender natijasi 17 noyabr kuni e'lon qilinishi kerak edi. Ammo, oradan bir emas, naq ikki oy o‘tibdiki, hamon natijalar ma'lum emas.

Yuqoridagi fikrlardan so‘ng, haqli ravishda quyidagicha savollar tug‘iladi:

Tender noyabr oyida o‘tkazilishi aytilganiga qaramay, nega hanuzgacha tender g‘olibi aniqlanmayapti?

Agentlik «ENERGY TECHNOLOGY SERVICE» XKga yuqoridagi xatni nima maqsadda jo‘natgan?

Tender ishtirokchisining taklifi solingan konvert Davlat tender komissiyasi tomonidan tender g‘olibi aniqlanadigan kunda ochilishi kerak emasmi?

Agar konvert ochilgan bo‘lmasa, unda Agentlik taklifdagi «sotib olish qiymati uchun to‘lov muddati ko‘pligi va investitsiya miqdori kamligi»ni qayerdan bildi?

Yuqoridagi savollarga javob va vaziyat bo‘yicha izoh olish uchun Davlat aktivlarini boshqarish agentligi axborot xizmati bilan bog‘landik. Afsuski, murojaatimiz javobsiz qoldi.

Abbos Salaydinov

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid