Nimalar boʻlmoqda?
Har kecha Oʻmon qirgʻoqlari boʻylab, boʻgʻozning janubiy kanali orqali 15–20 ta tanker oʻtadi. Manbalarga koʻra, shu tariqa mintaqadan kuniga 10 million barrelga yaqin neft olib chiqilmoqda - bu urushgacha boʻlgan hajmning qariyb yarmidir. Ayrim kechalarda eksport hajmi 15–20 million barrelga yetgan.
Bu sxema ikki tomonlama ishlaydi: harbiylar nafaqat yuk ortilgan tankerlarni Koʻrfazdan chiqishda kuzatib boradi, balki boʻsh kemalarga Arabiston dengizi tomondan Fors koʻrfaziga kirishda ham yordam beradi. Ular oʻsha yerda mintaqa davlatlarining portlarida neft yuklab, soʻngra ortga qaytadi.
Bu qanday yoʻlga qoʻyilgan?
Taʼkidlanishicha, amaliyotni AQSH armiyasining Fort-Breggdagi shtab-kvartirasidan faoliyat yurituvchi tezkor guruh muvofiqlashtirib boradi. Har kuni kiradigan va chiqadigan kemalar roʻyxati shakllantiriladi, harakatlanish karvonlar shaklida tashkil etilgan - tunda muayan vaqtda tankerlarning bir katta guruhi chiqishga, boshqasi esa kirishga yoʻl oladi. Eron dronlari va qanotli raketalari hujumlarini qaytaruvchi AQSH Harbiy-havo kuchlarining qiruvchi samolyotlari havodan himoyani taʼminlaydi.
Bunday amaliyot AQSH Markaziy qoʻmondonligining (CENTCOM) ikki haftalik kampaniyasi tufayli muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Uning davomida Eronning radarlari va dengiz kuzatuv tizimlari ishdan chiqarilgan edi. Shu sababli Tehron koʻp jihatdan kemalar harakatini kuzatish imkoniyatidan mahrum boʻlib, deyarli koʻr-koʻrona zarba berishga majbur boʻlmoqda. Tankerlarning bir qismi baribir shikastlangan, biroq hujumlarning katta qismini Amerika kuchlari qaytarmoqda - manbalarga koʻra, shu hafta sakkizta Eron droni va ikkita qanotli raketa urib tushirilgan.
Trampning munosabati
AQSH prezidenti Donald Tramp Axios nashriga Hoʻrmuz boʻgʻozi orqali sezilarli miqdorda neft oqimi oʻtayotganini tasdiqladi. Uning soʻzlariga koʻra, hozir Eron bilan muzokaralar olib borilmayapti: «Ular vaqtni behuda sovurmoqda. Ular bilan muzokara qilish - bekorga vaqt sarflashdir». Eron, deb qoʻshimcha qildi u, garchi «eronliklarda hali jangovar ruh bor» boʻlsa-da, «allaqachon oʻzining soyasiga aylanib qolgan».









