Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Oʻzbekistonga davlat tashrifi (23-24 avgust) arafasida OʻzA nashriga katta intervyu berdi.

 

– Hurmatli prezident, soʻnggi yillarda Ozarboyjon – Oʻzbekiston munosabatlari jadal rivojlanib, eng yuksak bosqich – ittifoqchilik darajasiga koʻtarildi. Oʻzbekistonga yaqin vaqtda kutilayotgan davlat tashrifingiz arafasida ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati va rivojlanish istiqbollarini qanday baholaysiz?

– Ikki qardosh mamlakat – Ozarboyjon va Oʻzbekiston oʻrtasidagi munosabatlar mushtarak tarix, madaniyat, til va maʼnaviy qadriyatlar, shuningdek, xalqlarimizning asrlar osha, avloddan-avlodga oʻtib kelayotgan birdamligi, hamjihatligi va chuqur oʻzaro mehr-oqibatiga tayanadi. Ana shu mustahkam poydevor asosida qurilgan davlatlararo munosabatlar soʻnggi yillarda misli koʻrilmagan rivojlanish bosqichiga kirib, eng yuksak pogʻona – ittifoqchilik darajasiga koʻtarildi va mutlaqo yangi mazmun kasb etdi.

Oʻzbekiston prezidenti, mening aziz birodarim, hurmatli Shavkat Miromonovich Mirziyoyev bilan oʻrtamizdagi samimiy doʻstlik, oʻzaro hurmat va ishonch Ozarboyjon – Oʻzbekiston qardoshligini mustahkamlash, davlatlararo aloqalarni bugungi darajaga olib chiqish va ittifoqchiligimizni rivojlantirishda alohida oʻrin tutadi. Prezident Mirziyoyevning mamlakatlarimiz qardoshligi, birligi va ittifoqchiligi yoʻlidagi tinimsiz va qatʼiyatli faoliyati Ozarboyjonda unga nisbatan chuqur hurmat va mehr uygʻotgan.

Aytib oʻtganimdek, davlatlarimiz oʻrtasidagi siyosiy muloqot juda yuqori darajada. Shubhasiz, oliy darajadagi muntazam oʻzaro tashriflar – soʻnggi besh yilda ularning soni 15 tani tashkil etdi – va yaqin muloqotlarimiz ushbu aloqalarni jadal rivojlantirish hamda mustahkamlash uchun qulay sharoit yaratmoqda.

Oxirgi besh yilda bu mening qardosh mamlakatga uchinchi davlat tashrifim va umuman olganda yettinchi tashrifimdir. Goʻzal va betakror Oʻzbekistonga har bir tashrifim men uchun alohida ahamiyatga ega boʻlib, doimo katta mamnuniyat bagʻishlaydi. Anʼanaga koʻra, bu tashriflar yuksak mehmondoʻstlik, qardoshlik, samimiyat va oʻzaro anglashuv muhitida oʻtadi. Qardosh Oʻzbekistonga har safar kelganimda, ayniqsa soʻnggi yillarda mamlakatning barcha sohalarda jadal rivojlanayotganini koʻrib, quvonaman. Zamonaviy shaharlar barpo etilishi, iqtisodiyotning diversifikatsiya qilinishi, yirik infratuzilma loyihalarining amalga oshirilishi, ilm-fan, taʼlim, madaniyat va sport sohalariga qaratilayotgan eʼtibor mamlakatning yuksak oʻsish surʼatlarini yaqqol namoyon etmoqda.