Nima yuz berdi?
Gyurlekning sözlariga köra, murojaat 2026-yil 14-iyulda Istanbul sudi tomonidan berilgan hibsga oliş orderlari asosida yuborilgan. Endi Turkiya hukumati Interpol Boş kotibiyatining Netanahuni «qizil xabarnoma» tizimi orqali rasmiy ravişda xalqaro qidiruvga kiritişiga erişmoqçi. Bu haqda Sabah xabar berdi.
Bunga 2026-yil may oyida Ğazo sektoriga yöl olgan «Sumud» (Global Sumud Flotilla) gumanitar flotiliyasining Isroil tomonidan qölga olinişi böyiça tergov doirasida Istanbulning oğir jinoyatlar böyiça 11-sudi çiqargan qaror huquqiy asos böldi. Flotiliya bortida, boşqalar qatorida, şvetsiyalik faol Greta Tunberg ham bor edi.
Turkiya sudi Netanahuni va yana öttizga yaqin yuqori martabali isroillik amaldorni, jumladan, mudofaa vaziri Israel Kats, uning ötmişdoşi Yoav Galant va milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvirni insoniyatga qarşi jinoyatlar, genotsid, noqonuniy ozodlikdan mahrum etiş, şafqatsiz muomala va talonçilikda ayblamoqda.
Bu Anqaraning birinçi qadami emas: 2025-yil noyabr oyida Istanbul prokuraturasi Netanahuni va boşqa isroillik mansabdor şaxslarni Ğazodagi genotsid hamda gumanitar yordam yetkazilişiga tösqinlik qilişda ayblab, hibsga oliş böyiça milliy orderlar bergan edi.
«Qizil xabarnoma» nima va nega u hibsga oliş hisoblanmaydi?
Interpolning «qizil xabarnoma»si klassik maʼnodagi xalqaro hibsga oliş orderi emas. Bu taşkilotga aʼzo 196 mamlakatning huquqni muhofaza qiliş organlariga yöllangan sörov bölib, unda şaxsning turgan joyini aniqlaş va zarur bölsa, ekstraditsiya masalasi hal etilguniga qadar uni vaqtinça uşlab turiş söraladi. Bunday sörovni bajariş yoki bajarmaslikni har bir davlatning özi hal qiladi.
Bundan taşqari, Interpol nizomi taşkilotning siyosiy, harbiy yoki diniy tusdagi işlarga aralaşişini taqiqlaydi - Isroil tomoni aynan şu bandga işora qilmoqda. Mutaxassislar fikriça, şu sababli ham Interpolning Turkiya sörovini rad etiş ehtimoli yuqori.













