Mazkur vaksinaning I va II faza klinik tadqiqotlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Uning xavfsiz ekanligi qayd etilgach, III faza vaksina sinovlari amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Vaksinani olish uchun 18 yosh va undan yuqori bo‘lgan ko‘ngilli fuqarolar qabul qilinmoqda.

Koronavirusga qarshi emlanish jarayoni qay tarzda amalga oshirilayotgani haqidagi savollarga Innovatsion rivojlanish vazirligi Sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Mas'udbek Matyoqubov javob berdi, deb yozmoqda vazirlik axborot xizmati.

- Qanday tekshiruvdan o‘tish kerak?

- Avvalambor, vaksinani olish maqsadida tashrif buyurgan ko‘ngilli fuqaro bilan savol-javob orqali surishtirish ishlari olib boriladi va uning sog‘lig‘iga baho beriladi. Deylik, insonda surunkali kasalliklar, allergik holatlarga moyilligi yoki yuqori qon bosimining oshishi kabi holatlarini bilishimiz muhim. Qolaversa, qon kasalliklari hamda onkologik xastaliklardan aziyat chekayotgan bemorga ham vaksina olish taqiqlanadi. Bundan tashqari reproduktiv yoshdagi, ya'ni homilador yoki farzand ko‘rish istagida bo‘lgan ayollarimiz ham klinik sinovda qatnasholmaydi.

Vaksina olish istagida kelgan har bir fuqaro ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Tabiiyki, ular bilan tushuntirish ishlari olib boriladi. Keyin esa tartib-qoidaga muvofiq uning antropometrik belgilari - bo‘yi va vazni o‘lchanadi. Shuningdek, immunoferment (IFA) tahlil sinamasini olishga ko‘rsatma beriladi. Ushbu tekshiruvning natijasi 20 daqiqani ichida tayyor bo‘ladi. Bu orqali qonda virusga qarshi antitanachalar bor yoki yo‘qligiga aniqlik kiritiladi. Bu esa fuqaro oldin koronavirusga chalinmaganligini bilish uchun kerakli faktordir.

- Covid-19 bilan kasallangan fuqaro vaksina oladimi?

- IFA tekshiruvidan so‘ng fuqaroning tahlil natijasi manfiy ko‘rsatgichni ko‘rsatgan taqdirda undan keyingi jarayon, ya'ni PZR (polimer zanjir reaksiyasi) tekshiruvini amalga oshiramiz. Uning natijasi bir kundan so‘ng tayyor bo‘ladi. Albatta, bu ham manfiy bo‘lgandan keyingina shifokor tomonidan fuqaroga vaksina olishga rozilik beriladi. Koronavirusni boshidan o‘tkazgan bemorda antitanachalar borligi sababli u sinovda qatnasholmaydi. Bu klinik tadqiqot yig‘ishimizda noto‘g‘ri ma'lumotni ko‘rsatadi.

To‘g‘risi, vaksina olish istagida kelgan ayrim insonlarda tekshiruvdan so‘ng koronavirusni boshidan o‘tkazganligi ma'lum bo‘lmoqda. Ular bundan hayratlanishyapti. Bu asosan virusning yengil turini boshidan o‘tkazgan bemorlarda kuzatilmoqda. Negaki tojdor virusning belgilari oddiy grippga ham o‘xshaydi.