“Zakovat”ning yopilishiga oid gap-so‘zlar anchadan beri muhokama markazida. Bu borada yakuniy fikrga kelinmagan, rasman axborot berilmagan bo‘lsa-da, bu dastur bo‘yicha parda ortida ham jiddiy bahslar ketayotganini anglash qiyin emas.
“Zakovat” intellektual teleo‘yini o‘zining 20 yillik tarixida uchta telekanalda faoliyat yuritib ko‘rdi. Dastlab “Yoshlar”da ochilgan teledastur keyinchalik “O‘zbekiston” telekanaliga, oxiri nodavlat kanallar orasida reytingi yuqorilab borayotgan “Milliy”ga o‘tdi.
Ko‘rsatuvning dastlabki sonini ko‘pchilik yaxshi eslaydi. O‘shanda boshlovchi Abdurasul Abdullayev mazkur loyihaning yangilik emasligi, bu shaklda boshqa davlatlarda mavjudligi, endi esa O‘zbekistonda ham yo‘lga qo‘yilayotgani to‘g‘risida gapirgandi.
Chindan ham aynan shu shaklda juda ko‘p davlatlarda bo‘lgan bu dastur O‘zbekistonda ham juda tez ommalashdi. Unda ishtirok etishni, hech bo‘lmasa jo‘natgan savoli yangrashini istaganlar juda ko‘payib ketdi. “Zakovat” uzoq vaqt praym-taymlarning eng qulay paytlarida efirga uzatildi.
Ko‘rsatuv efirga uzatilish bilan birga “Zakovat” klubi ham yangidan yangi bilimdonlar hisobiga kengaya bordi. Homiylar paydo bo‘ldi, tuzukkina sovrinlar qo‘yildi, xorijdan nufuzli mehmonlar jalb qilindi. Bir so‘z bilan aytganda, ilm targ‘ibotida, tafakkurga undashda, ayniqsa yoshlarni izlanishga o‘rgatishda bu loyihaning o‘rni katta bo‘ldi.
Ammo zamon, vaziyat o‘zgardi. Internet, ijtimoiy tarmoqlar, gadjetlar ommalashuvi aksariyat yoshlarni bu kabi mantiqiy fikrlashga undovchi dasturlardan uzoqlashtirdi. Qatorlashtirib tashlangan xorij seriallari efirning “qaymog‘i”ni egalladi va telekanallarning asosiy daromad manbaiga aylandi.
Bu jarayonda “Zakovat” vaqti surila-surila oxiri dastur efirga chiqishdan butkul to‘xtadi. Albatta, teleklub o‘z faoliyatini davom ettirmoqda. Ammo endi tomoshabin intellektual ozuqa va zavqli tomoshadan bebahra qoldi.
“Zakovat”ning bugungi holatga tushish sabablari, kelgusi rejalariga oid savollar bilan dastur muallifi Abdurasul Abdullayevga murojaat qildik:
– Abdurasul aka, “Zakovat” “Milliy” telekanalida faqat reyting pasayganligi tufayli efirga uzatilmay qolgani qanchalik asosli?
– Bu gaplar qisman to‘g‘ri. Lekin shu bilan birga, buning obektiv sabablari ham bor. O‘zi MTRKdan “Milliy” telekanaliga o‘tishimiz bo‘yicha muzokaralar 3 oycha davom etgan, bizga juda katta va'dalar berilgandi. Men nodavlat telekanalida ijod erkinligi kengroqligi, yaxshiroq takliflar bildirishgani uchun qabul qilgandim. Ammo bizni taklif qilganlar, kelishganlarning deyarli barchasi ishdan bo‘shab ketishdi. Bizga ajratilgan texnik imkoniyatlar qisqartirila boshlandi, “Zakovat”ning efirga uzatilish vaqti juda kechiktirib yuborildi, hatto soat 23:00ga qo‘yilgan vaqtlar ham bo‘ldi. Namoyish oyiga ikki martaga tushirildi va qayta efirlar butunlay to‘xtatildi. Bu endi telekanalga bog‘liq jihatlari.

















