Yakka tartibdagi faoliyat turini tashkil qilish va tadbirkorlardan olinadigan soliq to‘lovlari haqida Davlat Soliq qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Po‘lat Davlatov ma'lumot berdi.
Mutaxassisning ta'kidlashicha, yakka tartibdagi tadbirkorlik (YaTT) faoliyatini tashkil qilish uchun Davlat xizmatlari agentligi markazlaridan biriga borish orqali yoki elektron shakldagi interaktiv xizmatlar yordamida ro‘yxatdan o‘tish mumkin.
«Endilikda tadbirkorlar davlat ro‘yxatidan o‘tishi uchun ortiqcha hech qanday hujjatlar talab etilmaydi. Tadbirkorlik faoliyatini yarim soat yoki uzog‘i bilan bir soat muddatda ro‘yxatdan o‘tkazib tadbirkorlik guvohnomasi olish mumkin», – dedi Po‘lat Davlatov.
Tadbirkorlikni istagan shaxs ro‘yxatdan o‘tish uchun Davlat xizmatlari markaziga boradigan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining 1 barobari miqdorida davlat boji to‘lashi, agar tadbirkor elektron shaklda mustaqil ro‘yxatdan o‘tmoqchi bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida davlat boji to‘lashi belgilangan.
Yakka tartibdagi tadbirkor(YaTT)lar qanday tartibda soliq to‘laydi?
I. Bir kalendar yili davomida YaTTning olgan daromadi 100 million so‘mgacha bo‘lsa, qat'iy belgilangan tartibda soliq to‘laydi.
II. Bir kalendar yilida olgan daromadi 100 million so‘mdan oshgan, biroq 1 milliard so‘mdan oshmaydigan yakka tartibdagi tadbirkorlar tovar aylanmasidan olinadigan daromad hisobidan soliq to‘lashga o‘tkaziladi.
III. Bir kalendar yilida tovarlar aylanmasidan olingan daromadi 1 milliard so‘mdan oshgan yakka tartibdagi tadbirkorlar soliqlarni yuridik shaxslar uchun belgilangan tartibda to‘lashga o‘tkaziladi.
Ma'lumot uchun, joylashgan joyi va faoliyat turidan kelib chiqib, Toshkent shahridagi tadbirkorlar uchun alohida, viloyat markazidagi tadbirkorlar uchun alohida va chekka hududlardagi tadbirkorlar uchun alohida qat'iy belgilangan soliq stavkasi belgilangan.














