SelfMama Uzbekistan loyihasi O‘zbekistonda ilk bor ayollar karera forumini (Uzbekistan Women Career Forum – 2021) o‘tkazdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Forum ayollarning ijtimoiy o‘sishiga ko‘maklashish, kasbiy ko‘nikmalar va malakalar bilan tanishtirish, hozirgi va bo‘lajak onalarga motivatsiya berishni maqsad qiladi.

Forumda onalik va oiladagi ayollik vazifalari bilan birga turli jabhalarda muvaffaqiyatli karera olib borayotgan faol ayollar qatnashib, qiz-ayollar uchun tavsiyalar berishdi.

Jumladan, «SmartGov» konsalting kompaniyasi rahbari, jamoatchilik faoli Aziza Umarova «Ayollar yetakchiligi – jamiyat transformatsiyasi kaliti sifatida» mavzusida chiqish qildi.

U o‘zbek jamiyatida ayollarning roli borasida shakllangan uchta noto‘g‘ri qarash xususida so‘z yuritdi.

1-noto‘g‘ri qarash: Ayol huquqlari tushunchasi bizga yaqinda g‘arbdan kirib kelgan

— Aslida ayollar huquqlari haqida birinchilardan bo‘lib jadidlar so‘z ocha boshlashgan. Xususan, jadidlarning taniqli vakillaridan biri Tavallo qizlarning o‘z otasiga bilim olishga ruxsat so‘rash mazmunidagi maktubi shaklida she'r yozadi. Shundan so‘ng yangi usul maktablarida qizlar uchun ham sinflar tashkil qilinadi.

1927 yilda paranjini tashlash va yoqish harakatlari boshlandi. SSSRda sharq ayollarining paranji tashlashi bolsheviklarning eng asosiy modernizatsiya loyihalaridan biri bo‘ldi. Ular qatorida Buxoro amirining sobiq kanizagi Jahon Obidova ham bor edi, u keyinchalik O‘zSSRning vitse-prezidenti bo‘ldi, ammo 30-yillarda qatag‘on qilinadi va uning nomi barcha manbalardan o‘chirib tashlanadi.

SSSRda ko‘plab ayollar vazir, sudya, hokim lavozimlarida faoliyat ko‘rsatishgan, hatto Moskvada respublika nomidan ish olib borishgan. Ayollarni rahbar lavozimlariga tayinlash davlat siyosati darajasiga chiqqan. 1991 yildan boshlab bu masala yana ortga keta boshladi.

2-noto‘g‘ri qarash: O‘zbeklarning mentaliteti o‘ziga xos, ayollarga bo‘lgan munosabat ham mana shu mentalitet bilan bog‘liq

— Yangi Zelandiya, Gruziya, Singapur, Estoniya, Daniya, Gretsiya, Bangladesh, Nepal, Islandiya, Argentina, Litva, Kosta-Rika, Braziliya, Finlandiya, Germaniya, Efiopiya, Serbiya, Moldova. Bular – davlat yoki hukumat rahbari ayollar bo‘lgan davlatlar.

Parlamentda ayollar ulushi eng ko‘p mamlakat esa Afrikaning Ruanda davlati. Bu borada ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni Kuba va Boliviya egallab turibdi. Bundan ko‘rinadiki, hech qanday mentalitet yoki muayyan hududga xos qarashlar jamiyatning ayollarga munosabatini izohlay olmaydi. Ayollar yetakchi bo‘lgan davlatlarning umumiy jihati ham yo‘q, ular diniy, milliy va hududiy jihatdan o‘ta rang-barang.