O‘zbekiston | 12:16 / 17.02.2021
30715
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahar soliq boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi

Yaqin kunlarda paydo bo‘lgan «to‘lanishi lozim bo‘lgan soliqlarni kamaytirib ko‘rsatish va qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini noqonuniy hisobga olish» mojarosi tufayli soliq organlari mansabdor shaxslariga nisbatan jazo tayinlandi.

«Naqdlashtiruvchi firma»larni aniqlash yuzasidan amaliyotga joriy qilingan yangi mexanizmni aholi va tadbirkorlik sub'yektlari o‘rtasida tushuntirish ishlarini qoniqarsiz olib borgani, shuningdek, soliq to‘lovchilar bilan yetarli darajada ishni tashkil etmagani uchun Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, Toshkent shahar DSB Kameral nazorat va QQS ma'murchiligi bo‘limlari hamda DSQ Matbuot xizmati boshliqlariga hayfsan berilgan.

Avvalroq, Davlat soliq qo‘mitasi «naqdlashtiruvchi firmalar» bilan kurashishni boshlagani ma'lum qilingandi.

16 fevral kuni hisobraqamiga band solingan 57ta firmada o‘tkazilgan soliq tekshiruvlari natijasida 52ta korxona yoki 91,3 foiz hollarda soxta operatsiyalarni amalga oshirish faktlari tasdiqlangani ma'lum bo‘lgan.

Shuningdek, DSQ tomonidan shakllantirilgan shubhali soliq to‘lovchilari ro‘yxatiga kiritilgan 396ta soliq to‘lovchilar bilan hamkorlik qilgan qariyb 10 mingga yaqin xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar tomonidan 1 trillion so‘mga yaqin QQS summasi hisobga olingan holda budjetga to‘lanmagani yuzasidan tadbirkorlarning noroziligi haqida ma'lumot berilgandi.

Mavzuga oid