Panarin qanday hokkeychi o‘zi?

Avvalo Artemiy Panarin qanday sportchi ekani haqida ikki og‘iz. 1991 yilda tug‘ilgan Panarin faoliyatini Chelyabinskning «Traktor» jamoasida boshlagan. «SKA»dagi faoliyatidan keyin AQSh jamoalari e'tiboriga tushgan. 2015 yil «SKA» bilan Gagarin kubogini yutgach, u Rossiyada qolmasligi deyarli aniq edi. O‘sha yili uni «Chikago Blekhoks» o‘z safiga qo‘shib oladi. Keyin ikki yil «Kolambus Blu Jyekets»da o‘ynaydi. Ikki jamoa safida ham «Nyu-York Reyndjers» darvozasiga shayba kiritgan Panarin 2019 yilda shu jamoaga o‘tadi. U okeanortidagi ilk mavsumidayoq eng yaxshi debyutant deb topilgan.

Panarin ayni damda rossiyaliklar orasida eng ko‘p maosh (yiliga 12 million dollar) oladigan hokkeychi hisoblanadi. U rus hokkeyida allaqachon Ovechkin va Malkinlar qatorida tilga olinadi.

Panarin Latviyada qiz bolani urgani aytilmoqda

Xullas, zamonaviy Rossiya hokkeyining eng kuchli vakillaridan biri juda xunuk mojaroga aralashib qoldi. Gap shundaki, o‘z vaqtida unga «Vityaz» jamoasida murabbiylik qilgan Andrey Nazarov 2011 yil bo‘lib o‘tgan bir voqeani gapirib berdi. Uning aytishicha, Panarin Rigada jamoasi bilan bo‘lib turgan vaqtda bir qizga o‘zi bilan bo‘lishni taklif qiladi. Rad javobini olgach, mast bo‘lgani uchun qizni urib yiqitadi. Murabbiyning aytishicha, voqea 2011 yil 11 dekabrida sodir bo‘lgan. O‘shanda «Vityaz» mahalliy klub «Dinamo»ga 0:2 hisobida imkoniyatni boy bergandi.

Nazarovning aytishicha, Panarin urgan qiz 18 yoshda bo‘lgan. Bu voqeadan keyin tezda politsiya yetib borgan va murabbiyning guvohlik berishicha, Panarin ishni bosti-bosti qilish uchun 40 ming yevro to‘lagan. Shuningdek, hali ko‘pchilik tanimaydigan Panarin uchun Rigadagi «katta odamlar» politsiyaga aloqaga chiqqan.

Nazarovning bu intervyusi izsiz bo‘lmadi. «Reyndjers» holatga oydinlik kiritilgunga qadar Panarin jamoadan chetda bo‘lishini ma'lum qildi, butun hokkey olami shu haqda gapira boshladi. Biroq bu intervyuda ko‘plab noaniqliklar bor. Birinchidan, suhbatdosh jurnalist Sergey Petrov mavjud odam ekaniga isbot yo‘q. Bu ism-sharif bilan «Komsomolskaya pravda» nashrida odatda Kremlga xizmat qiluvchi siyosiy materiallar e'lon qilinadi. Taxmin qilinishicha, hech bir muallif o‘z ismini ko‘rsatishni istamaydigan buyurtma materiallarda shu ismdan foydalanilgan. Bu mavjud bo‘lmagan Sergey Petrov faqat bir marta, ya'ni Panarinning ustozi bilan suhbatda, sport haqida material «yozgani» gumonlarni yanada oshiradi.

Spors.ru'ning yozishicha, sportdan ketib bekorchi bo‘lib qolgan Nazarov juda ko‘p mavzularda, hatto siyosiy mavzularda o‘z munosabatini bildirishda favqulodda faol bo‘lib qolgan. Spors.ru Latviyadagi Sportizinas sayti muallifi Konstantin Fedorovga bu voqeani bilish-bilmasligi borasida aloqaga chiqqan.