O‘zbekiston | 12:34 / 05.03.2021
11575
3 daqiqa o‘qiladi

Xalqaro indeksda O‘zbekiston sud tizimidagi muammolar sanaldi. Oliy sud undagi faqat ijobiy ko‘rsatkichlarni e'tirof etdi

O‘zbekiston xalqaro Meros jamg‘armasi (The Heritage Foundation) tomonidan yuritiladigan Iqtisodiy erkinlik indeksining (Index of Economic Freedom) 2021 yildagi reytingida 58,3 ball to‘plab 108-o‘rinda qayd etildi. 2020 yilda 57,2 ball bilan 114-o‘rin band qilingandi.

Reyting tashkilotchilarining fikricha, mamlakat umumiy ko‘rsatkichi sud tizimidagi samaradorlik oshgani hisobiga 1,1 ballga ko‘tarilgan. Shu bilan bir qatorda, O‘zbekiston Osiyo-Tinch okeani hududidagi 40ta davlat ichida 21-o‘rinni egallagan. Mamlakatning iqtisodiy erkinlik ko‘rsatkichlari esa jahondagi va hududiy o‘rtacha ko‘rsatkichlardan ham pastroqdir.

O‘zbekiston iqtisodi bu yil ham «asosan erkin bo‘lmagan» (mostly unfree) darajasida qolgan.

«Ammo hukumat 2020 yilda davlat institutlarini isloh qilish, qonun ustuvorligini ta'minlash, sud tizimini isloh qilish, bank va moliyaviy sektorlarni mustahkamlash, investitsiyalarni jalb qilish uchun xususiy mulk daxlsizligi va davlat aralashuvini kamaytirish kabi islohotlarni o‘z ichiga olgan yangi rivojlanish strategiyasini e'lon qildi. Agar bu islohotlar muvaffaqiyatli amalga oshsa, O‘zbekiston (iqtisodi) o‘rtacha erkin davlatlar qatoriga ko‘tarilishi mumkin», deyiladi hisobotda.

Shuningdek, hisobotda qishloq xo‘jaligiga tegishli yerlar hali ham davlat mulki bo‘lib qolayotgani, lekin 2020 yilda qabul qilingan qonun qishloq xo‘jaligiga taalluqli bo‘lmagan yer uchastkalarini xususiylashtirishga ruxsat bergani qayd etilgan.

«Mulkka bo‘lgan egalik huquqiga umuman olganda amal qilinmoqda, lekin keng tarqalgan korrupsiya tufayli bu huquq mustahkam emas. Sud tizimi mustaqil, ammo unga hukumatning aralashuvi va korrupsiya odatiy hisoblanadi. Byurokratiya tufayli korrupsiya va poraxo‘rlik keng tarqalgan, hamma joyda korrupsiya mavjud», deyiladi hisobotda.

O‘zbekiston Oliy sudi ushbu indeksda e'tirof etilgan ko‘rsatkichlarning Sud faoliyati samaradorligiga doir ijobiy qismlarini e'lon qildi. Ammo Oliy sud hisobotning yuqorida qayd etilgan «sud tizimiga hukumatning aralashuvi va korrupsiya odatiy hol» ekanligiga doir qismlarini tushirib qoldirgan.

Mavzuga oid