Roppa-rosa bir yil muqaddam Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti dunyoda tarqalayotgan koronavirus pandemiya darajasiga chiqqanini rasman e'lon qilgandi. Ushbu virusdan kasallanganlar haqida ilk bor Xitoy matbuotida 2020 yil yanvarida paydo bo‘lgandi. Fevral o‘rtalariga kelib virus Yevropagacha yetib bordi, fevral oyi oxirida esa Italiya o‘z tarixidagi bemisl darajadagi lokdaun holatida yashayotgandi.

Jons Hopkins Universiteti ma'lumotlariga ko‘ra, o‘tgan vaqt mobaynida dunyo bo‘ylab Covid-19 bilan zararlanganlar soni 118 mln kishidan ortdi, 2,6 mln.dan ortiq bemor vafot etdi.

AstraZeneca shubha ostida
Yevropa Dori-darmon agentligi (EMA) Yevroittifoq mamlakatlarida foydalanish uchun to‘rtinchi vaksinani ma'qulladi. Bu Amerikaning Johnson & Johnson nomli konserni tomonidan ishlab chiqariladigan shu nomdagi preparatdir.

YeIda shu vaqtgacha Britaniyaning AstraZeneca, Germaniyaning Pfizer va Amerikaning Moderna vaksinalari ma'qullangandi. Johnson & Johnson vaksinasining klinik sinovlari preparat 85 foiz samaradorlikka egaligini ko‘rsatgan, boshqa vaksinalardan farqli ravishda J&J vaksinasining bitta dozasi bilan emlash yetarli bo‘ladi.

Shu bilan birga, EMA AstraZeneca preparati trombga sabab bo‘lishi mumkinligi haqida xabar bergan Daniya sog‘liqni saqlash vazirligi so‘roviga binoan tekshiruv boshladi.

Daniya, Norvegiya va Islandiyada Oksford universiteti va ingliz-shvedlarning AstraZeneca kompaniyasi tomonidan tayyorlangan vaksinani qo‘llash to‘xtatildi, bunga Daniyada ushbu preparat bilan emlanganlarda tromblar (qon quyuqlashishi) kuzatilgani va bir kishi vafot etgani sabab bo‘ldi.

Daniya hukumati ushbu preparat bilan emlanganlarning qanchasi qon quyuqlashishidan shikoyat qilganiga aniqlik kiritmagan, ammo ularning so‘zlariga ko‘ra, bunday shikoyatlar soni ushbu vaksina bilan emlashni ikki haftaga - tadqiqotlarning ilk natijalari chiqqunicha to‘xtatish haqida qaror qilish uchun yetarli bo‘lgan.

Agentlik vakilining so‘zlariga ko‘ra, 9 mart kuni turli mamlakatlardan - Avstriya, Estoniya, Latviya, Litva va Lyuksemburgdan 22 murojaat kelib tushgan.

«Biz Daniya tarixidagi eng keng ko‘lamli emlash kampaniyasi o‘rtasida turibmiz va bizga bor vaksinalarning barchasi kerak. Shu tufayli vaksinalardan birini qo‘llashdan chiqarib tashlash - juda og‘ir qaror», - degan sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha milliy kengash rahbari Shyoren Bromstryom.