Oʻtgan kun davomida jahonda roʻy bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

AQSH Eronni iqtisodiy boʻgʻmoqchi

Dushanba kuni AQSH Eronning savdo hamkorlarini nishonga olish orqali uning iqtisodiyotini cheklashga qaratilgan «misli koʻrilmagan» qadamni eʼlon qildi.

Moliya vaziri Skott Bessent matbuot anjumanida hech qanday aniq chora yoki eʼlonlarni aytmadi.

AQSH Tehron rejimining «iqtisodiy boʻgʻilishi»ga – asosan Eronning savdo hamkorlariga nisbatan ikkilamchi sanksiyalar orqali erishmoqchi.

«Butun dunyo boʻylab bizning maqsadimiz Tehron yakkalanib qolguniga qadar bu rejimni ushlab turgan har qanday iqtisodiy qon tomirini uzib tashlashdir. Biz barchani javobgarlikka tortamiz», dedi Bessent matbuot anjumanida

Bessent dasturni «Iqtisodiy quvgʻindi operatsiyasi» deb atadi va uni oʻtgan hafta Tramp tilga olgan «Iqtisodiy D kuni»ga oʻxshatishga urindi.

«Eron hozir juda aniq tanlov oldida turibdi, ularning oldida faqat ikkita yoʻl bor: toʻliq global yakkalanish va faqat kun kechirishga asoslangan iqtisodiyot yoki global iqtisodiyotga qayta qoʻshilish imkoniyati bilan normal holatga qaytish yoʻli», dedi Bessent.

Uning soʻzlariga koʻra, Moliya vazirligi «Eron neft kontrabandasi va sanksiyalardan qochish uchun foydalangan har bir tugun, har bir tarmoq va har bir vositachini» aniqlab chiqqan va endi «sirtmoqni tortishni» boshlaydi.

Tramp dunyo yetakchilariga Eron bilan aloqalarni toʻxtatish boʻyicha aniq iltimoslar bilan qoʻngʻiroq qilmoqda. «Biz allaqachon natijalarni koʻrmoqdamiz», dedi Bessent tafsilotlarga toʻxtalmasdan.

AQShning soʻnggi sanksiyalariga munosabat bildirar ekan, Eron iqtisodiyot vaziri Ali Madanizoda ularda sanksiyalarga qarshi «ikki yillik reja» borligini aytdi.

«Ular Eron xalqi va rasmiylarining qatʼiyatini sinab koʻrish uchun qoʻllaridan kelgan barcha ishni qildi. Biroq har safar muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Koʻrinishidan ular yana bir magʻlubiyatga uchrashni xohlaganga oʻxshaydi», dedi Madanizoda.

Bundan tashqari, Eron sanksiyalarga - neft tashish yoʻnalishlarini nishonga olish orqali «zilziladek kuchli zarba bilan javob qaytarishini» aytdi.