Jizzax viloyati Madaniyat obektlarini muhofaza qilish departamenti boshlig‘i Sundor Qoraboyev 14 mart kuni Toshkent shahrida IIB xodimlari tomonidan mayda bezorilikda ayblanib qo‘lga olingan.

Sundor Qoraboyevning ukasi Husan Qoraboyevning Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, uning akasi 14 mart kuni ish yuzasidan Madaniyat vazirligiga – Toshkent shahriga kelgan.

«Vazirlikdan chiqqach, akam Madaniyat obektlarini muhofaza qilish departamentining boshqa viloyatlardan kelgan xodimlari bilan birga kafega borib ovqatlangan. Akamning yonida bo‘lgan departamentning Siroj ismli xodimining aytishicha, ular kafedan chiqayotgan vaqtda Sundor Qoraboyevga begona ayol turtilib ketgan.

Shundan so‘ng ayol akamga men seni militsiyaga aytib qamataman degan. Akam va sherigi ayolning gapiga e'tibor qilmasdan, avtomobilga o‘tirib, u yerdan ketgan. Bir necha daqiqa ichida, Yunusobod tumanida ularni yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari to‘xtatib, hujjatlarini tekshirishni boshlashgan.

Shu orada o‘sha ayolning chaqiruvi bilan ichki ishlar xodimlari kelib, akamga: «Siz bir ayolni urib, haqoratlaganingiz yuzasidan shikoyat kelib tushdi» deb, Yunusobod tuman IIBga olib ketishgan.

Akam u yerda 1 kun davomida qolib ketdi. Ertasi kuni hech kimga xabar berilmasdan, jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi tomonidan sud o‘tkazilib, akamga 10 kunlik ma'muriy qamoq jazosi tayinlangan», – dedi Husan Qoraboyev.

Husan Qoraboyevga ko‘ra, hech kimga xabar berilmasdan sud qilingani yetmaganidek, Sundor Qoraboyevni hozirgacha hech kimga ko‘rsatishmayapti. Ayoli va advokati ham karantin bahona qilinib, ko‘rishish uchun kiritilmagan.

Sundor Qoraboyevning yaqinlari u «Ugolok» kafesidan chiqib ketayotgan vaqtda hech kim bilan tortishmaganini isbotlovchi kadrlar borligini va ular ijtimoiy tarmoqlarga joylanganini aytmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarning qator foydalanuvchilari Sundor Qoraboyevning qamoqqa olinishini uyushtirilgan deb hisoblamoqda.

Uning 1 kun ichida shoshilinch sud qilinishi va ma'muriy qamoq qo‘llash to‘g‘risidagi sudning qarori berilmayotgani shubhali bo‘lib qolmoqda.

Hozirda Qoraboyevning yaqinlari apellyatsiya shikoyati kiritgan, ish bugun qayta ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.