Prezident qarori bilan patrul-post va qoʻriqlash xizmatlariga yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlashga doir ayrim vakolatlar berilmoqda.
Hujjatga koʻra, 2026 yil 1 noyabrdan:
patrullik yoʻnalishida boʻlgan ichki ishlar organlari patrul-post va qoʻriqlash xizmatlari naryadlari tomonidan “112” tizimi orqali kelib tushgan, nafaqat jamoat joylarida, balki aholi yashash xonadonlarida sodir etilgan jinoyat va hodisalar toʻgʻrisidagi xabarlar boʻyicha ham tezkorlik bilan yetib borish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi;
24/7 rejimdagi gastronomik koʻchalarda jamoat tartibini saqlash ichki ishlar organlari va hududiy hokimliklar oʻrtasida tuziladigan shartnoma asosida patrul-post xizmati boʻlinmalari tomonidan amalga oshiriladi;
ommaviy tadbirlarda jamoat tartibini buzgan shaxslarga nisbatan kelgusi ommaviy tadbirlarga kirishiga vaqtincha cheklov qoʻyiladi.
“Har xil vazifalar – yagona vakolat” tamoyili asosida quyidagi tartib oʻrnatiladi:
yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlashga doir quyidagi ayrim funksiya va vakolatlar ichki ishlar organlarining patrul-post hamda qoʻriqlash xizmatlariga ham beriladi:
- yoʻnalishdagi chorrahalar, bozorlar, yirik savdo majmualari, taʼlim muassasalari atroflari hamda markaziy koʻchalarida yuzaga keladigan tirbandliklarni bartaraf etish;
- yoʻllarda sodir etilgan huquqbuzarlik va jinoyatlarga darhol munosabat bildirish, ularning oldini olish, jamoat tartibini saqlash, jabrlanuvchilarga birinchi tibbiy yordam koʻrsatish;
jamoat tartibini saqlashga doir quyidagi ayrim funksiya va vakolatlar ichki ishlar organlarining yoʻl-patrul xizmatiga ham beriladi:
- koʻcha va jamoat joylarida sodir etiladigan jamoat tartibiga tajovuz qiluvchi huquqbuzarliklarga chek qoʻyish, ularni sodir etayotgan shaxslarni taʼqib qilish, ushlash hamda ichki ishlar organlariga olib borish;
- belgilanmagan joylarga qattiq maishiy chiqindilarni va qurilish chiqindilarini tashlash, shuningdek, suyuq maishiy chiqindilarni toʻkish hamda jamoat joyida alkogol mahsulotini isteʼmol qilish bilan bogʻliq maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish va maʼmuriy jazo qoʻllash.
















