Jahon | 17:43 / 20.03.2021
14091
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya xorijlik talabalarning mamlakatga kirishiga ruxsat berdi

16 martda imzolangan hujjatga ko‘ra, Rossiyaga barcha xorijlik talabalar emas, balki faqat epidemiologik vaziyat barqaror mamlakatlardan keladigan talabalar kirishlari mumkin.

Rossiya hukumati xorijlik talabalarning kunduzgi shaklda o‘qish uchun mamlakatga kirishlariga ruxsat beruvchi farmoyishni tasdiqladi.

Avvalroq Rospotrebnadzor chet ellik talabalarning PZR test topshirganligi to‘g‘risidagi ma'lumot bilan o‘qishga qo‘yilishi tartibini soddalashtirgan, ammo mamlakatga kirish uchun rasmiy ruxsat berilmagandi.

Qayd etilishicha, 16 martda imzolangan hujjatga ko‘ra, Rossiyaga barcha xorijlik talabalar emas, balki faqat epidemiologik vaziyat barqaror mamlakatlardan keladigan talabalar kirishlari mumkin. Bunday davlatlar ro‘yxati fan va ta'lim vazirligi ishlab chiqqan hamda koronavirus tarqalishining oldini olish bo‘yicha tezkor shtab tasdiqlagan algoritm asosida aniqlanadi.

Xorijlik talabalar Rossiyaga kelishidan kamida 10 kun oldin elektron pochta orqali keladigan sanasi va kesib o‘tadigan chegara punkti haqida universitetdagi kuratorini ogohlantirishi lozim. Barcha talabalar mamlakatga kirish uchun elektron pochta orqali o‘quv yurti vakilidan ruxsat olishi va PZR test topshirishi kerak. Test Rossiyaga kirishdan uch kundan ko‘p bo‘lmagan muddat ichida topshiriladi. Test natijasi manfiy ekanligini tasdiqlovchi ma'lumotnoma chegara nazorat punktida hamda o‘quv yurti yotoqxonasida ko‘rsatiladi.

Talabalar Rossiyaga kelganidan keyin uch kun ichida yana bir marta koronavirusga test topshiradi. So‘ngra manfiy natija chiqquniga qadar yotoqxonada o‘zini o‘zi izolyatsiya qilish rejimiga amal qiladi.

Mavzuga oid