Mangulik muhrining mezoni mardumga mehrdan, xalq qalbiga yaqinlik, adabiyot sehriga oshuftavorlikdan boshlanadi. Xalq shoiri, davlat madhiyasi matnining muallifi, O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov ana shunday sifatlarga ega adiblardandir. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 2 dekabrdagi “O‘zbekiston Qahramoni va xalq shoiri Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi PQ-4906-sonli Qarorida ham ana shu mezon nazarda tutilgani aniq. Bu adibga bo‘lgan yuksak ehtiromning nishonasidir.

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida (TIQXMMI) O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning 80 yilligini yuqori saviyada nishonlash bo‘yicha bir yildan ziyod muddat mobaynida qator tadbirlar tashkil etilayotgani sir emas.

25 mart kuni ham xuddi shunday tadbirlarning uchtasi ketma-ket tashkil etildi. Dastavval, soat 10.00 da Abdulla Oripov nomidagi institutda “Yoshlar bog‘i”ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti, Respublika Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi va boshqa e'tiborga molik tashkilot va muassasalarda faoliyat yurituvchi nufuzli mehmonlar, professor va akademiklar ishtirok etishdi.

Institut rektori, professor O‘ktam Umurzakov yubiley munosabati bilan yig‘ilganlarni qutlab tadbirni ochar ekan, shoir nomini abadiylashtirish bilan bog‘liq harakatlar Prezidentimiz tomonidan shu xususdagi qarorning ijrosini amalga oshirish borasidagi navbatdagi dadil qadam ekanini uqtirib o‘tdi. So‘ngra O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid so‘zga chiqib uyushma tomonidan institut bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan qator ishlarni qayd etdi. Institut rahbariyati hamda mehmonlar tomonidan tasma qirqish marosimi o‘tkazilgach, butun jamoa xiyobon va unda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirishdi. 

Keyin esa Abdulla Oripov nomidagi institut muzeyining ochilish marosimi boshlandi. Institut rahbariyati hamda mehmonlar tomonidan navbatdagi tasma qirqish tadbiri amalga oshirilgach, mutaxassis muzeyshunoslar tomonidan mehmonlarga muzey haqida ma'lumot berilib eksponatlar bilan tanishtirildi.