Jahon | 09:31 / 30.03.2021
11450
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston poytaxtida karantin choralari qat'iylashtiriladi

Foto: novayagazeta.ru

Qozog‘iston poytaxti Nur-Sultonda koronavirus bilan kasallanish holatlari ko‘payayotgani sababli 30 martdan yangi cheklovlar kiritiladi. Tegishli qarorni shaharning bosh davlat shifokori Sarxat Beysenova imzolagan.

Qarorga ko‘ra, Nur-Sultonda virus bilan kasallanish holatlari ko‘payayotgani va shahar “qizil hudud”da qolayotgani sababli ommaviy tadbirlar o‘tkazilishi va ularda ishtirok etishga, faoliyati tiklanmagan obektlarga tashrif buyurishga taqiqlov o‘z kuchida qoladi. 

Bundan tashqari, savdo-ko‘ngilochar va savdo markazlari, savdo uylari ish vaqti ish kunlari soat 17gacha qisqartiriladi. Ularga dam olish kunlari faoliyat yuritish taqiqlanadi. Talabalar va bitiruvchi sinflar (9-, 11- va 12-sinflar) o‘quvchilaridan tashqari barcha o‘quvchilar masofadan o‘qishga o‘tkaziladi. Restoran va kafelar ish kunlari soat 7dan 22gacha faoliyat yuritadi, dam olish kunlari ular faqat taom yetkazishgagina ishlaydi.    

Shuningdek, davlat idoralari, milliy kompaniyalar va korxonalar ma'muriyati xodimlarining kamida 80 foizi masofadan ishlashga o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Dam olish kunlari jamoat transporti faoliyatiga taqiqlov o‘z kuchida qoladi.

Nur-Sulton 10 mart kunidan koronavirus tarqalish xavfi yuqori bo‘lgan “qizil hudud”da qolmoqda. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, shaharda pandemiya boshidan beri umumiy hisobda 30 mingdan ko‘proq kasallanish holati qayd etilgan. Kunlik kasallanish holatlari soni esa 300dan ko‘proqni tashkil qilmoqda. 

Mavzuga oid