Energetika vazirligi ushbu qurilish obekti va «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJga qarashli «Ximiya» podstansiyasiga jurnalistlar uchun press-tur tashkil qildi.

2019 yilning noyabr oyida Masdar kompaniyasi va O‘zbekiston hukumati o‘rtasida davlat xususiy sherikchilik asosida mamlakatdagi birinchi quyosh elektrostansiyasini loyihalashtirish, moliyalashtirish va qurish maqsadida, «Elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risidagi kelishuv» va «Investitsion kelishuv» bitimlari imzolangan.

Mazkur investitsiya loyihasining umumiy qiymati 110 million dollarga baholangan va Masdar kompaniyasi tomonidan yuz foiz to‘g‘ridan to‘g‘ri moliyalashtiriladi.

Bugungi kunda pudratchi korxona – Xitoy Xalq Respublikasining «SEPKO III» LTD kompaniyasi obektda texnologik uskunalar, panellar, invertor va transformatorlarni o‘rnatish ishlarini olib bormoqda.

Mazkur stansiya O‘zbekiston tarixida qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida elektr energiyasini ishlab chiqaradigan birinchi yirik quyosh fotoelektr stansiyasi hisoblanadi va u sentabr oyida ishga tushirilishi rejalashtirilyapti.

Energetika vazirligi boshqarma boshlig‘i Abdullajon Otaboyevga ko‘ra, fotoelektr stansiyasining ishga tushirilishi natijasida yiliga 260 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi hamda 79 million metr kub tabiiy gaz iqtisod qilinishiga erishiladi.

100 MVt elektr energiyasi o‘rtacha 5 ta tumanning ehtiyojini qoplaydi. Ammo bu mazkur quvvatdagi elektr energiya Navoiy viloyatining 5 ta tumaniga yo‘naltiriladi degani emas. Stansiyada ishlab chiqarilgan elektr energiya respublikaning barcha hududlarini o‘zaro bog‘lovchi yuqori kuchlanishli tarmoqlariga uzatiladi.

«Navoiy viloyatida 2024 yil yakuniga qadar umumiy quvvati 800 MVt bo‘lgan quyosh va shamol elektr stansiyalari ishga tushiriladi. Ushbu stansiyalarning ishga tushirilishi natijasida yiliga 2,5 milliard kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, 762 million metr kub tabiiy gaz iqtisod qilinishiga erishiladi.