O‘zbekiston | 13:09 / 12.04.2021
1790
2 daqiqa o‘qiladi

2030 yilgacha 10 ming nafar navoiylik o‘quvchi Finlandiyaga boradi

Finlandiyalik bir guruh investorlar va Navoiy viloyati mutasaddilari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.

Uchrashuvda Finlandiyaning «FinEst Bay Area» kompaniyasi asoschisi Piter Vesterbaka, «Finest Future» kompaniyasi hammuassisi Tuomas Tiilikaynen, «Edunation Finland» kompaniyasi hammuassisi Harri Suominen, «Skillgrower» kompaniyasi asoschisi Pasi Savola va «PK Safety and Rescue» kompaniyasi bosh direktori Pertti Korteyarvi hamda Navoiy viloyati mas'ullari ishtirok etdi.

Navoiy viloyati hokimligi axborot xizmatiga ko‘ra, uchrashuvda onlayn tarzda ishtirok etgan SASKY ta'limi konsorsiumi direktori Antti Lahti konsorsium faoliyati, imkoniyatlari va ta'lim yo‘nalishlari haqida ma'lumot bergan.  

Muzokaralar yakuniga ko‘ra, mazkur loyiha uchun jalb etiladigan navoiylik yoshlarni 2030 yilgacha 10 000 nafarga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Ma'lumot uchun, SASKY kasbga tayyorlash va ta'lim masalalari konsorsiumi 1990 yilda tashkil etilgan bo‘lib, asosiy faoliyati - mehnat munosabatlarini boshqarish, kattalar uchun qisqa muddatli, xalqaro va boshqa pullik ta'lim turlarini taklif qilishdan iborat. 

Avvalroq, Navoiy viloyati hamda Finlandiyaning Puhoyaarvi shahri ma'muriyati o‘rtasida birinchi onlayn hamkorlik forumi bo‘lib o‘tgan edi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid