Saylovchilarning 1 mln 65 mingdan ko‘prog‘i yangi konstitutsiya uchun ovoz bergan, 183 mingdan ko‘prog‘i qarshi chiqqan.

Ovoz berishda saylovchilarning davomati 37,27 foizni tashkil qilgan va referendum bo‘lib o‘tgan deb topilgan. Respublikada hammasi bo‘lib 3 mln 606 mingdan ko‘proq odam ovoz berish huquqiga ega.

11 aprelda ovoz berish uchun qo‘yilgan konstitutsiyaning yangi tahriri mamlakatda boshqaruvning prezident shaklini tasdiqlash, Xalq qurultoyi (Xalq majlisi) instituti kiritilishi hamda parlament deputatlari sonining 120 nafardan 90 nafargacha qisqartirilishini ko‘zda tutadi.

Yangi konstitutsiyaga ko‘ra, Qirg‘iziston prezidenti o‘z lavozimini ikkita 5 yillik muddatdan ko‘p egallay olmaydi. Amaldagi konstitutsiyada esa prezident faqatgina bir marta 6 yillik muddatga saylanishi belgilangan.

Respublikada referendum bilan birga mahalliy hokimiyat organlariga saylovlar ham bo‘lib o‘tdi. Unda 420ta shahar va qishloq kengashlaridagi 7560 o‘ringa 18772 nomzod kurash olib bordi.