AQSh Rossiyaga nisbatan va'da qilingan yangi sanksiyalar paketini e'lon qildi. 32 jismoniy shaxs hamda tashkilotlar AQSh «qora ro‘yxat»iga kiritildi. Shuningdek, 10 nafar rossiyalik diplomat josuslikda gumonlanib, Amerikadan chiqarib yuboriladi. O‘z navbatida, Moskva sanksiyalarga javob keskin bo‘lishini ma'lum qildi.

Rossiya davlat qarziga qarshi sanksiya

Jo Bayden imzolagan sanksiya paketiga ko‘ra, Amerikadagi moliyaviy tashkilotlarga Rossiyaning suveren obligatsiyalarini sotib olish taqiqlanadi. Cheklovga ko‘ra, rublda va boshqa valutada amalga oshiriladigan har qanday savdoga taqiq qo‘yilgan. Gap 2021 yil 14 iyunda sotuvga chiqariladigan Rossiya Banki, Milliy farovonlashish fondi va Rossiya Moliya vazirligi tomonidan sotuvga chiqariluvchi obligatsiyalar haqida bormoqda.

Rossiya davlat qarziga nisbatan Amerika sanksiyasi yangilik emas. 2019 yil avgustdan buyon amerikalik investorlarga Rossiya yevrobondlarining birlamchi savdolarida qatnashish taqiqlangan. Biroq Rossiya davlat obligatsiyalarining ikkilamchi savdolariga qatnashish hozir ham taqiqlanmagan.

Kiberhujumlar uchun

Jo Bayden kiberhujumlar uchun Rossiyaga javob berishi haqida anchadan buyon aytib kelayotgandi. Yangi sanksiyalar paketida Rossiya tomonidan amalga oshirilgan kiberhujumlarda qatnashgani aytilgan oltita texnologik kompaniyaga qarshi cheklov ham kiritilgan. Solar Winds deb atalgan kiberhujumlar turkumi sabab sanksiyalar joriy etish keyinchalik ham davom ettirilishi aytilgan.

AQShda Solar Winds hukumat kompyuterlariga qilingan eng katta kiberhujum ekani aytiladi. Bu ishlarda texnik ta'minotchi bo‘lgan kompaniyalar to‘g‘ridan to‘g‘ri AQSh sanksiyalariga uchragan. Xususan, Positive Technologies kompaniyasi. AQSh Solar Winds platformasiga qilingan kiberjosuslikka bevosita Rossiya Tashqi razvedka xizmatini aybdor deb topgan. Vashingtonga ko‘ra, Rossiya Tashqi razvedka xizmati hakerlik hujumlarini APT 29, Cozy Bear va The Dukes kompaniyalari bilan birga amalga oshirgan.

Rossiya Tashqi razvedka xizmati bu ayblovlarga javob berdi: «Baydenning bayonotida Rossiya Tashqi razvedka xizmati haqida bir og‘iz ham gapirilmagandi, lekin AQSh OAVlari uchun maxsus tayyorlangan Rossiya Tashqi razvedka xizmati haqidagi bandda ancha bo‘hton yog‘dirilgan. Okean ortidagi hamkasblardan iqtibos keltirmoqchi emasmiz, lekin biz bu elektron olamda hamkasb ekanimizni unutmaslik kerak. Faqat shuni aytmoqchimizki, bo‘lmag‘ur narsalarni o‘qish unchalik qiziq mashg‘ulot emas».