O‘zbekiston | 16:46 / 29.04.2021
42342
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Qirg‘iziston va Tojikistonni chegaradagi to‘qnashuvlarni darhol to‘xtatishga chaqirdi

Foto: turmush.kg

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasidagi otishma yuzasidan bayonot bilan chiqdi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston qirg‘iz-tojik davlat chegarasida vaziyat keskinlashganini chuqur xavotir bilan qabul qilgan.

“Biz tomonlarni to‘qnashuvlarni darhol to‘xtatishga, vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha qo‘shma choralarni ko‘rishga va ziddiyatning yanada ortishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlardan tiyilishga chaqiramiz”, deyiladi bayonotda.

Ta'kidlanishicha, bugungi kunda barcha masalalar va mavjud muammolar faqat Markaziy Osiyo qardosh xalqlariga xos bo‘lgan ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik munosabatlari ruhidagi muzokaralar va maslahatlashuvlar yo‘li bilan hal qilinishi kerak.

O‘z navbatida, O‘zbekiston yuzaga kelgan vaziyatni tezroq bartaraf etish uchun har tomonlama yordam berishga tayyor ekani aytiladi.

Ma'lumot uchun, bugun, 29 aprel kuni Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasida otishma kuzatilmoqda, hodisa oqibatida yaralanganlar bor. Tomonlar nizoda bir-birini ayblamoqda. Qirg‘izistondagi uchta qishloq hududida favqulodda rejim joriy qilingan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid