O‘zbekiston | 10:14 / 12.05.2021
7013
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat organlari va tashkilotlari tadbirkorlarga tegishli binolarda ijara asosida joylashtiriladi

Davlat organlari va tashkilotlari tadbirkorlarga tegishli binolarda ijara asosida joylashtiriladi. Bu haqda prezidentning “Xizmatlar sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida aytilgan.

Qayd etilishicha, davlat organlari va tashkilotlari joylashgan yer maydonlari va bino-inshootlardan samarali foydalanishni ta'minlash bo‘yicha ishchi guruhi tashkil etiladi.

Ishchi guruhi (J.Qo‘chqorov) ikki oy muddatda:

  • ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlari doirasida davlat organlari va tashkilotlari uchun bino va inshootlar qurishni maqbullashtirgan holda ularni tadbirkorlik sub'yektlariga tegishli binolarda ijara asosida joylashtirish tizimini keng joriy qilish choralarini ko‘radi;
  • dastlabki bosqichda Toshkent shahrining Olmazor, Mirobod va Yakkasaroy tumanlarida davlat organlari va tashkilotlari joylashgan yer uchastkalari va bino-inshootlarni xatlovdan o‘tkazgan holda, ularning maydonlarini tanqidiy ko‘rib chiqadi va tadbirkorlik sub'yektlariga xizmat ko‘rsatish obektlarini barpo etish uchun ajratish maqsadida maqbullashtirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi.

Bunda, davlat organlari va tashkilotlarida bo‘sh turgan, shu jumladan, prezidentning 2021 yil 3 apreldagi PQ–5053-son qaroriga muvofiq shtat birliklari maqbullashtirilishi natijasida bo‘shagan yer uchastkalari, bino-inshootlar va joylar mavjudligi inobatga olinadi.

Bundan oldin, 1 sentyabrga qadar barcha hududlarda tun-u kun ishlaydigan savdo va ko‘ngilochar ko‘chalar tashkil etilishi xabar berilgandi. 

Mavzuga oid