O‘zbekiston | 12:32 / 26.05.2021
2490
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda daryo o‘zanidan noqonuniy qum-shag‘al qazib olgan shaxsga jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida daryo o‘zanidan noqonuniy tarzda o‘zboshimchalik bilan qum-shag‘al qazib olgan shaxsga jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qamashi tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshirishda, fuqaro D.B. Qashqadaryo daryosining Qamashi tumani hududidan oqib o‘tuvchi o‘zanidan o‘zboshimchalik bilan noqonuniy ravishda qum-shag‘al qazib olgani aniqlangan. Jumladan, huquqbuzar 135 mln so‘mlik jami 7,2 ming m³ qum-shag‘al aralashmalarini qazib olib sotgan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 229-moddasi (haqiqiy yoki faraz qilingan huquqlarni o‘zboshimchalik bilan amalga oshirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid