Kun.uz muxbirining xabar berishicha, majlisda qonunni qabul qilish zarurati quyidagi omillar bilan asoslangan:

birinchidan, 2018 yilning yanvar oyida tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yopiq qarorlari bilan tartibga solingan bo‘lib, ochiq tarzdagi normativ-huquqiy hujjatlar mavjud emas;

ikkinchidan, Prezident davlat xavfsizlik xizmati maxsus vakolatli organ hisoblanib, qo‘riqlanuvchi shaxslarning xavfsizligini ta'minlash maqsadida huquqiy, tashkiliy, qo‘riqlash, rejim, tezkor-qidiruv, muhandislik-texnik va boshqa tadbirlar majmuini amalga oshiradi.

  • Bunda Prezident davlat xavfsizlik xizmati tezkor-xizmat faoliyatining alohida jihatlari jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta'sir etadi.
  • Prezident davlat xavfsizlik xizmati o‘ziga yuklatilgan vazifalarni bajarish jarayonida qo‘riqlanuvchi shaxslar manfaatlarini ko‘zlab, qo‘riqlash tadbirlari o‘tkazilayotgan joylarda erkin harakatlanishni, qo‘riqlanuvchi shaxslarning bo‘lish obektlari atrofida va harakatlanish yo‘nalishlarida turli xil obektlarning qurilishi va rekonstruksiyasini, qo‘riqlanuvchi shaxslarga va ular bo‘lish obektlarida xizmat ko‘rsatishga bevosita jalb etilgan tashkilotlarning mehnat faoliyati amalga oshirilishini va boshqa harakatlarini cheklaydi;

uchinchidan, Prezident davlat xavfsizlik xizmati harbiy xizmatchilari hamda qo‘riqlanuvchi shaxslarning xavfsizligini ta'minlashga jalb etilgan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ va kuch ishlatuvchi tuzilmalar xodimlari tomonidan xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida o‘qotar qurolni qo‘llashning aniq tartibi belgilanmagan.

Qonunda quyidagi masalalarni tartibga solish ko‘zda tutilgan:

- qo‘riqlanuvchi shaxslarning xavfsizligini ta'minlash sohasida qo‘llaniladigan umume'tirof etilgan tushunchalar va atamalar, ularning mazmunini sharhlash va to‘g‘ri qo‘llash maqsadida ushbu faoliyat turining prinsiplari;

- qo‘riqlanishi belgilangan qo‘riqlanuvchi shaxslarning toifasi;

- Prezident davlat xavfsizlik xizmatining maqomi, asosiy vazifalari, huquq va majburiyatlari, qo‘riqlanuvchi shaxslarning xavfsizligini ta'minlash sohasida boshqa davlat organlari bilan hamkorlik qilish masalalari;