09:21 / 04.06.2021
3161

Mo‘ynoq aeroporti qachon to‘liq ishga tushishi ma'lum qilindi

Kun.uz muxbiri Mo‘ynoq aeroportida qilinayotgan ishlar yuzasidan Mo‘ynoq tumani hokimi va uning birinchi o‘rinbosari bilan suhbatlashdi.

Mo‘ynoq tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Saliy Ilyasovning aytishicha, aeroport 2020 yilda qurib bitkazilgan. Shundan beri bu yerda hukumat rahbarlari, xalqaro delegatsiyalar va sayyohlarning shaxsiy reyslari qabul qilinmoqda. 2021 yilning oxiriga borib aeroport to‘liq ishga tushadi. O‘shanda Mo‘ynoq aeroporti xalqaro statusga ega bo‘lishi ham mumkin.  

Birinchi bosqichda Toshkent-Urganch-Mo‘ynoq, Mo‘ynoq-Urganch-Toshkent reysi, ikkinchi bosqichda Qozog‘iston, Rossiya va Turkiya davlatlariga reyslar tashkil qilinishi rejalashtirilmoqda.

29 may kuni O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov Mo‘ynoqda bo‘lib, u yerda olib borilayotgan ishlar bilan tanishgan. Saliy Ilyasovning so‘zlariga ko‘ra, reyslar masalasi vazir bilan muhokama qilingan.

Hokim o‘rinbosarining qo‘shimcha qilishicha, Mo‘ynoq aeroporti loyihasining umumiy qiymati 300 mlrd so‘mni tashkil qiladi. Hozirda 150 mlrd so‘mlik ishlar amalga oshirilgan.

Mo‘ynoq tumani hokimi Erpo‘lat Edenbayev aeroportdan mahalliy aholi ham foydalanishini aytib o‘tdi. Hokimning aytishicha, ikki haftadan bir marta Mo‘ynoq-Nukus-Toshkent va Toshkent-Nukus-Mo‘ynoq reyslarini qo‘yish rejalashtirilmoqda. 

Ma'lumot uchun, 1960 yillarda barpo etilgan bu aeroportga shu vaqtgacha faqat An-2, An-24 va Yak-40 samolyotlari qo‘ngan.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning 26 avgust kuni Mo‘ynoq shahridagi qayta ta'mirlangan aeroportga ilk marta Uzbekistan Airways aviakompaniyasining A320 samolyoti qo‘ngandi.

Shuhrat Saidahmadov,
Kun.uz muxbiri

Top