Jahonning birinchi raqamli raketkasi Novak Jokovich «Rolan Garros» finalida besh set davom etgan uchrashuvda gretsiyalik tennischi Stefanos Tsitsipasni mag‘lub etdi va «Katta dubulg‘a» turnirlaridagi 19-sovrinini qo‘lga kiritdi. Uning asosiy raqiblari Rafael Nadal va Rodjyer Federerda 20tadan g‘oliblik bor.

Uchrashuv hisobi - 6-7, 2-6, 6-3, 6-2, 6-4.

Ko‘plab sharhlovchilar aslida turnir finali maqomiga teng uchrashuv yarimfinaldayoq bo‘lib o‘tgan degan fikrda edi, Jokovich yarimfinalda turnirning asosiy favoriti bo‘lgan Nadalni yenggandi. Nadalni «grunt kortlar qiroli» deb atashadi, u «Rolan Garros»da 13 bor g‘olib chiqqan, u o‘z faoliyati mobaynida Parijda bir necha set yutqazgan, xolos.

Finaldagi mag‘lubiyatga qaramay, Tsitsipas va tennis uchun qator sabablarga ko‘ra bu bahs tarixiy bo‘ldi. Birinchidan, Gretsiya vakili ilk bor «Katta dubulg‘a» turnirlari finalida o‘ynadi.

22 yoshli Tsitsipas Ende Marrey davridan buyon «Katta dubulg‘a» finalida o‘ynagan eng yosh tennischi bo‘ldi - angliyalik tennischi bu maqomga erishganida 23 yoshda edi, o‘shanda u 2010 yili Australian Open finaliga chiqqandi.

Shuningdek, Nadalning seriyasi yakunlanishi kutilmagan hol bo‘ldi - u Parij gruntlarida jami 13 bor g‘olib chiqqanidan tashqari, 2017 yildan buyon uzluksiz chempion bo‘lib kelayotgandi.

Stefanos Tsitsipas bungacha ikki marta «Katta dubulg‘a» turnirlarida yarimfinalgacha yetib borgan (ikki safar ham Australian Open turnirida) va ikki safar ham yutqazgan: 2019 yilda u Rafael Nadalga, 2021 yilda - Daniil Medvedevga.

U Jokovichga qarshi 9 o‘yindan uchtasida g‘olib bo‘lgan, shu tufayli serbiyalik tennischini final arafasida yaqqol favorit deb bo‘lmasdi. Lekin gretsiyalik tennischi murakkab qoplamali deb hisoblanuvchi grunt kortlarda biror marta g‘olib chiqmagan.

Voqealar rivoji
Tsitsipas dastlabki ikki setda ustun keldi: birinchi set tay-breykka olib borildi, ikkinchisida oson g‘alabaga erishildi - 6-2. Ammo keyin Jokovich kambek amalga oshirib, keyingi ikki partiyada g‘alaba qozondi.

Ko‘pchilik buni kutmagan bo‘lsa-da, uchrashuv taqdiri beshinchi setda hal bo‘ldi.

Ushbu bahsdagi burilish nuqtasi beshinchi setning uchinchi geymida ro‘y berdi, bu geymdagi shiddatli kurash Jokovich foydasiga hal bo‘ldi. Set davomida gretsiyalik tennischi raqib boshlagan g‘olib bo‘lib breyk amalga oshira olmadi va bu yakunda uning mag‘lubiyatiga olib keldi.