Jahon | 18:09 / 30.06.2021
11863
4 daqiqa o‘qiladi

Vaksinatsiya, ijtimoiy tarmoqlar, Bayden va Ukraina – Putin jonli efirda aholi savollariga javob berdi

Ma'lumot berilishicha, Putinga hammasi bo‘lib 1,5 milliondan ortiq savol kelib tushgan.

30 iyun kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin to‘g‘ridan to‘g‘ri efirda rossiyaliklarning savollariga javob berdi.

Putinga Rossiyaning turli shahar va qishloqlaridan ijtimoiy-siyosiy, maishiy-iqtisodiy va boshqa mavzularda ko‘plab savollar kelib tushdi.

Nima uchun vaksinatsiya majburiy bo‘ldi? 

«Men majburiy vaksinatsiyani qo‘llab-quvvatlamayman. 1998 yildagi aholining immun himoyasi to‘g‘risidagi qonunni ko‘rish kerak. Unda ikkita modda bor. Birinchisi – emlash kalendari. Bu majburiy vaksinatsiya. Koronavirusga qarshi emlashni ushbu bo‘limga kiritish taklifi bo‘lgandi, ammo deputatlar buni qo‘llab-quvvatlamadi. Shu sababli vaksinatsiya umummilliy miqyosda majburiy emas. Ammo ikkinchi moddaga ko‘ra, epidemiya vaqtida regionlar rahbarlari shifokorlar tavsiyasi bilan aholi guruhlari uchun majburiy vaksinatsiya joriy etishi mumkin. Bu yerda hech qanday tushunmovchilik yo‘q. Hammasi qonun doirasida». 

Rossiya bo‘yicha lokdaun joriy etiladimi?

«Bunday bo‘lmasligi uchun alohida regionlarda vaksinatsiya bilan bog‘liq qoidalar kiritilmoqda. Faqat vaksinatsiya yordamida epidemiya tarqalishining oldini olish mumkin. Hozirda 20 milliondan ortiq kishi emlandi. Bizda hammasi joyida».

Siz hokimiyatni berishingiz mumkin bo‘lgan inson bormi?

«Prezidentni tanlash to‘g‘risidagi qaror faqat ovoz berish yo‘li bilan qabul qilinadi. Mening majburiyatim esa hokimiyatga da'vogarlik qiladiganlarga tavsiyalar berishdan iborat xolos. Vaqti kelganida Rossiyani kim boshqara olishi mumkinligini aytishimga umid qilaman».

Xorijiy ijtimoiy tarmoq va video-xostinglar bloklanadimi?

«Bunday rejamiz yo‘q. Lekin ular bizning talablarimizni bajarmayapti. Ular bizning mamlakatimizda ishlayapti va talablarimizni bajarishi shart. Ular bilan muloqot qilishimiz uchun o‘z vakolatxonalarini ochishi kerak. Agar aytganimizni qilishmasa, har xil texnik usullar bor, masalan, tezlikni kamaytirish».

Nima uchun Ukraina «do‘st bo‘lmagan» mamlakatlar ro‘yxatiga kiritilmaydi?

«Ukrainlarni do‘st bo‘lmagan xalq, deb hisoblamayman. Ukrainlar va ruslar bir xalq, deb hisoblayman. Bu haqda alohida maqola yozaman va bu boradagi munosabatimni bildiraman. Ammo Ukrainaning bugungi rahbariyati bizga do‘st emas».

Ko‘p narsa Baydenga bog‘liq bo‘lmasa, u bilan uchrashishning nima keragi bor?

«AQSh prezidentiga ko‘p narsa bog‘liq, garchi ularning o‘z tizimi bo‘lsa-da, ko‘p narsa unga bog‘liq. Menimcha, masala boshqa yoqda. Rossiya sanksiyalarga qaramasdan rivojlanmoqda. Rossiya harbiy nuqtai nazardan qator ko‘rsatkichlar bo‘yicha jumladan, AQShdan ham o‘zib ketdi. Osiyo rivojlanmoqda. Dunyo tubdan o‘zgarmoqda, Shtatlardagi hamkorlarimiz esa bir tomondan hammasini tushunib turibdi, boshqa tomondan esa monopol mavqeyini saqlab qolishga urinmoqda».

Mavzuga oid