Uning ta'kidlashicha, Yevropada kasallik darajasi pasayishi tugadi va muxlislarga nisbatan yetarlicha cheklovlar kiritilmasa, koronavirusning yangi to‘lqini yuz berishi muqarrar. 

«Biz nafaqat stadiondagi sharoitlarga qarashimiz kerak. Biz muxlislar u yerlarga qanday yetib olayotgani, liq to‘la avtobuslarda borayotgani, stadionlarni qanday tark etayotgani, to‘lib-toshgan bar va pablarga borayotganiga ham e'tibor qilishimiz lozim», deb aytgan Smollvud.

Ayni vaqtda Yevropaning 11ta shahrida futbol bo‘yicha Yevropa chempionati bo‘lib o‘tmoqda. Chempionatning aksariyat uchrashuvlari tribunalarning 20 foizdan ko‘prog‘i to‘lgan holda o‘tkazilyapti.  

Biroq Budapeshtdagi 61 ming kishiga mo‘ljallangan «Pushkash Arena» stadionida muxlislarning uchrashuvlarga qo‘yilishiga hech qanday cheklov yo‘q. Londondagi «Uembli» stadionida o‘tadigan yarimfinal va final uchrashuvlariga esa 60 mingdan ko‘proq muxlis qo‘yiladi. Bu stadion sig‘imdorligining uchdan ikki qismidan ko‘prog‘ini tashkil qiladi.

Mutaxassislar Yevropada koronavirusning o‘ta yuqumli «hindcha» shtammi tarqalayotganidan xavotirlanmoqda. Virusning ushbu shtammi hozirda 98ta davlatda tarqalgan.

Hozirda Britaniyada umumiy kasallanish holatlarining 90 foizdan ortig‘i aynan «hindcha» shtammga to‘g‘ri kelyapti. Ushbu shtammdan AQSh, Yevropa mamlakatlari, Rossiya va boshqa ko‘plab davlatlar ham aziyat chekmoqda.

Avvalroq Germaniya kansleri Angela Merkel Yevropa chempionati uchrashuvlari muxlislar bilan to‘la holda «Uembli» stadionida o‘tkazilishi g‘oyasini salbiy baholagandi. Uning fikricha, bu «hindcha» shtammning Yevropada tarqalishini jadallashtirib yuborishi mumkin. Germaniya ichki ishlar vaziri Xorst Zeyexofer esa UYeFAning tribunalarga ko‘p sonda muxlislarni qo‘yish qarorini tanqid qilib, buni mas'uliyatsizlik deb atagandi.