2021 yil 1 yanvardan 30 iyun sanasiga qadar «Vaqf» xayriya jamoat fondiga xayriya, zakot, vaqf mulklari, ziyoratgohlar, diniy tashkilotlar va aksiyalar orqali 21 milliard 315 million so‘mdan ortiqroq mablag‘lar kelib tushgan. Bu haqda AOKAda bo‘lib o‘tgan «Vaqf» xayriya jamoat fondi tomonidan amalga oshirilgan xayriya tadbirlari» mavzusidagi brifingda ma'lum qilindi.
Fond hisob raqamlaridan o‘tgan 6 oy davomida 17 milliard 395 million so‘m, homiylar va hamkor tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan moddiy ko‘rinishdagi ehsonlar bilan qo‘shib hisoblaganda jami 21 milliard 403 million so‘m sarflangan.
Jumladan xayriya ishlari doirasida:
- Diniy ta'lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyatini moliyalashtirish uchun – 1 milliard 80 million so‘m;
- Diniy ta'lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, o‘quvchi-talabalarini moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun –347 million so‘m;
- Diniy ta'lim muassasalari o‘quvchi-talabalar kontrakti uchun –840 million so‘m;
- Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar talaba farzandlarini qo‘llab-quvvatlash uchun– 15 million so‘m;
- Sirdaryo viloyatidagi «Yusuf» masjidi qayta qurilishi uchun –313 million so‘m;
- Masjidlar va ziyoratgohlar xodimlarini moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun – 69 million so‘m;
- Uylari yong‘indan talafot ko‘rgan fuqarolarga moddiy yordam uchun – 90 million so‘m;
- Nochor, ko‘makka muhtoj fuqarolarga turli moddiy ko‘rinishda berilgan yordamlar uchun – 6 milliard 139 million so‘m;
- Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, shu jumladan imkoniyati cheklangan, nogironligi bor bo‘lgan shaxslarni moddiy qo‘llab-quvvatlash uchun – 1 milliard 628 million so‘m;
- Turli xayriya tadbirlari uchun– 386 million so‘m;
- Viloyat vakilliklari tomonidan berilgan arizalarga ko‘ra – 383 million so‘m;
- Jami – 11 milliard 293 million so‘m faqatgina xayriya yo‘nalishini uchun sarflangan bo‘lib, bu fondning o‘tgan yil shu davrda qilingan xayriya ishlari mablag‘lariga nisbatan 5 milliard so‘mga ko‘proq hisoblanadi.
Bundan tashqari masjidlar va fond tasarrufidagi ziyoratgohlarning ma'muriy xarajatlari, ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash hamda obodonlashtirish uchun 10 milliard 110 million so‘m yo‘naltirilgan.














