Jahon | 15:51 / 12.07.2021
7621
1 daqiqa o‘qiladi

Moskvada Qurbon hayiti namozi masjidlarda o‘qilmasligi ma'lum qilindi

Moskvada hayit namozi faqat Jome masjidida imomlar, muazzinlar va muftiy o‘rinbosarlari ishtirokida ado etiladi.

Foto: Petr Kovalev/TASS

Pandemiya sababli Moskvada Qurbon hayiti namozi onlayn o‘qiladi, shahar masjidlari namozxonlar uchun yopiq bo‘ladi, deb qaror chiqardi Rossiya musulmonlari diniy boshqarmasi ulamolar kengashi.

«Moskvada hayit namozi faqat Jome masjidida imomlar, muazzinlar va muftiy o‘rinbosarlari ishtirokida ado etiladi. Boshqa masjidlarda, shuningdek, musulmonlarning mahalliy diniy tashkilotlarida hayit namozi o‘qish tavsiya qilinmaydi. Barcha musulmonlarga bayramni o‘z uylarida, oila davrasida o‘tkazish tavsiya qilinadi», — deyiladi muftiyat saytida.

Qayd etilishicha, hayit namozi o‘qilishi jarayoni «Rossiya 1» telekanali orqali translatsiya qilinadi.

Xabarda aytilishicha, musulmonlar diniy boshqarmasi tarkibiga kiruvchi musulmonlarning hududiy diniy idoralari hayit namozini o‘qish tartibini joylarda epidemiologik vaziyatni hisobga olgan holda o‘zlari hal qiladilar.

2021 yilda Qurbon hayiti 20 iyulda nishonlanishi belgilangan.

Mavzuga oid