MRB qanday idora oʻzi?

Avvalo Markaziy razvedka boshqarmasi qanday tashkilot ekani haqida. Kinolarda «TSRU» deb eshitishga odatlanganingiz bu idora, shubhasiz, dunyodagi eng qudratli tashkilotlardan biri. Uning vazifasi tashqi razvedka bilan shugʻullanish. Lekin MRB faqat razvedka bilan shugʻullanmasligi, Amerika manfaatlari toʻqnashgan mamlakatlarda maxfiy operatsiyalar oʻtkazishini oʻsha kinolarda ham koʻp marta koʻrgansiz.

MRB yillik byudjeti 30 mlrd dollarga yetadigan, 20 mingdan ortiq xodimi bor qudratli tashkilot. Lekin boshqa davlat razvedkalaridan farqli oʻlaroq harbiy emas, fuqarolik tashkiloti. Bugungi qahramonimiz Jon Ratkliff Trampning birinchi prezidentlik davrida Milliy razvedka direktori edi. Ikkinchi muddatida MRB direktori vazifasida ishlab kelmoqda.

Huquqshunosdan chiqqan siyosatchi

1965-yil oʻqituvchi oilasida tugʻilgan Jon maktabni tugatib, Notr-Dam universitetida huquqshunoslik yoʻnalishida oʻqiydi. Keyinroq huquqshunoslik yoʻnalishida doktor darajasini oladi. Tabiiyki, bir necha yil davomida huquqshunos boʻlib ishlaydi.

2004-yil qahramonimizning siyosiy hayoti boshlanadi. U Texas shtatidagi Hit shaharchasi merligi uchun saylovda gʻolib boʻladi. Keyingi saylovlarni ham yutib, shaharchani 2012-yilgacha boshqaradi. Merlik faoliyatini boshlagan 2004-yildan Texas Sharqiy Okrugi prokuraturasida kichik Jorj Bush maʼmuriyatining terrorizmga qarshi kurash va milliy xavfsizlik boʻyicha vakiliga aylanadi.

2008-yil Ratkliff AQSH hukumatining terrorizmga qarshi kurash boʻyicha maslahatchisiga aylanadi. 2009-2014 yillarda u xususiy kompaniya taʼsischisi sifatida asosan prezidentlik va gubernatorlik saylovlarida qatnashayotgan shaxslarga huquqiy yordam koʻrsatish bilan shugʻullanadi.

Vakillar palatasi va Milliy razvedka xizmati

2014-yil respublikachi Ratkliff Texasdan Vakillar palatasiga saylanadi. Uning saylov kompaniyasi uchun 400 ming dollar yigʻiladi. Donorlardan biri AQSH sobiq bosh prokurori Jon Eshkroft edi. 2018-yil Ratkliff AQSH bosh prokurori boʻlishi haqida yozishadi, lekin Tramp unga yanada katta lavozim tayyorlab qoʻygandi. Prezident Tramp Milliy razvedka idorasining u bilan kelishmay qolgan diretori Den Koutni isteʼfoga chiqarib, oʻrniga Jon Ratkliff nomzodini koʻrsatadi.

Senatorlar Ratkliff haqida yetarli maʼlumotga ega emasdi, shu sabab Senat uning nomzodini qoʻllamaydi. 2020-yil fevralda Tramp ikkinchi marta Ratkliff nomzodini Milliy razvedka idorasi direktorligi uchun ilgari suradi. Bu safar Senat tasdiqlaydi va 44 yoshli Ratkliff AQShdagi eng muhim tashkilotlardan biriga rahbar boʻladi. Biroq uning rahbarligi uzoqqa choʻzilmaydi. Tramp saylovda yutqazgach, Ratkliff ham ishdan ketadi.