10:28 / 02.08.2021
6799

Qozog‘istonning yirik shaharlarida karantin choralari kuchaytirildi

Qozog‘istonda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat murakkabligi sababli respublikaning yirik shaharlarida 2 avgustdan cheklovlar kuchaytiriladi. Respublikaning koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha komissiyasi ma'lumotlariga ko‘ra, mamlakatda qayd qilinayotgan kunlik kasallanish holatlarining 65 foizi hamda virusdan o‘lim holatlarining 55 foizi aynan yirik shaharlarga to‘g‘ri kelmoqda.

Komissiya poytaxt Nur-Sulton, Almati, Chimkent, Atirau va Qarag‘andada karantin choralarini qat'iylashtirishga qaror qilgan. Bu choralar orasida markaziy davlat idoralari, hududiy ma'muriyatlar, huquq-tartibot idoralari, sog‘liqni saqlash muassasalari, OAV, oziq-ovqat do‘konlari, dorixonalar va hayotni ta'minlash tashkilotlaridan tashqari, Ashyq loyihasida ishtirok etmayotgan barcha korxonalar va tashkilotlar faoliyatini to‘xtatish bor.

Bundan tashqari, tomosha, sport, oilaviy, xotira va boshqa ommaviy tadbirlarni o‘tkazish taqiqlanadi. Davlat idoralari, ofislar, milliy kompaniyalar va boshqa tashkilotlarning emlangan va oxirgi 3 oy ichida koronavirusdan sog‘aygan xodimlaridan tashqari, 80 foiz xodimlari masofadan ishlashga o‘tkaziladi.

Shuningdek, Oqmala, Olmaota va Qarag‘anda oblastlari ma'muriyatlariga Nur-Sulton, Almati, Chimkent va Qarag‘anda shaharlariga tutash hududlarda cheklovlarni kuchaytirish bo‘yicha choralar qabul qilish buyurilgan.

18,9 mln aholiga ega Qozog‘istonda pandemiya boshidan beri kasallanganlar soni 580 mingdan oshib ketdi, virusdan vafot etganlar soni 5,9 mingdan ko‘proqni tashkil qilmoqda.

1 avgustda respublika uchun pandemiya boshidan beri eng yuqori kunlik kasallanish darajasi qayd etilgani ma'lum qilingandi. Mamlakatda bir kun ichida kasallanganlar soni 7803 nafarni tashkil qilgan.

2020 yil oxirida qozog‘istonlik mutaxassislar mamlakatdagi epidemiologik vaziyatni baholash va uning asosida karantin choralarini qabul qilishga imkon beruvchi matritsa ishlab chiqishgandi. Unga ko‘ra hududlarga koronavirus tarqalganligi darajasi bo‘yicha ranglar berilgan. 1 avgust ma'lumotlariga ko‘ra, ayni vaqtda Qozog‘istonning barcha 17ta regioni qat'iy cheklovlar kiritilishini ko‘zda tutuvchi “qizil” hududga kiritilgan.

Respublikada 1 fevraldan aholini koronavirusga qarshi emlash boshlangandi. Hozirda 5,4 mlndan ko‘proq fuqaro vaksinaning birinchi dozasi bilan, ulardan 3,8 mlnga yaqini esa to‘liq emlangan.

Mavzuga oid
Top