Burchmulla davlat o‘rmon xo‘jaligi korxonasi Qaynarsoy kompleksida ko‘kalamzorlashtirish ishlari uchun ko‘chat xarid qilish maqsadida tanlov e'lon qilgan.
Tanlov natijalariga ko‘ra, “MTM Ta'minot” MChJ 2,5–3 metrlik kiparis daraxtining har birini 270 ming so‘mdan, jami 1640ta ko‘chat xarid qilish uchun tanlab olgan va shartnoma tuzilgan. Shartnoma qiymati – 442,8 mln so‘m.
Tanlovda, shuningdek, “Munis Kelajak Iqbol” XK (har bir kiparis daraxt uchun 275 ming so‘m taklif qilgan) va “Mega Baraka Sof» MChJ (har bir kiparis daraxt uchun 300 ming so‘m taklif qilgan) ham o‘z takliflari bilan ishtirok etgan.
Telegram'dagi davletovuz kanalining e'tibor qaratishicha, yuqoridagi uchala korxona ham bir kishiga – Egamberdiyev Ravshan Valiyevichga tegishli.
Ushbu shaxsga tegishli boshqa bir korxona – “Erv Sulton Tomorqa Xizmati” MChJ may oyida Burchmulla davlat o‘rmon xo‘jaligiga 377,4 mln so‘mlik tuyadaraxt yetkazib bergan.
Davletovuz boshqa bir holatga ham diqqat qaratgan. Ma'lum bo‘lishicha, Burchmulla o‘rmon xo‘jaligi 2021 yil may oyida o‘tkazgan boshqa bir tanlovda xo‘jalik rahbarining o‘g‘liga tegishli korxona g‘olib chiqqan.
Qaynarsoy kompleksida ko‘kalamzorlashtirish ishlari uchun ko‘chat xarid qilish maqsadida 203,6 mln so‘mlik qora archa va tuyadaraxt uchun yetkazib beruvchi sifatida “Xojimurod-Abduvali o‘g‘li” fermer xo‘jaligi tanlangan







