Oliy sud Qashqadaryoda joylashgan avtomobillarga gaz quyish shoxobchasiga viloyat va tuman sudlari tomonidan soliqchilar foydasiga chiqarilgan qarorlarni bekor qilgan. Bu haqda Kun.uz’ga Biznes-ombudsman devoni bosh inspektori Sheroz Shodiyev xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, Biznes-ombudsman devoniga Qarshi tumanida faoliyat yurituvchi «Bo‘ston» xususiy korxonasi (tadbirkorlik sub'yektining nomi o‘zgartirilgan) qabul qilingan sud qarorlaridan norozi bo‘lib murojaat qilgan.  

Aniqlanishicha, Qarshi tuman hokimining 2015 yil 28 noyabrdagi X-1333/11-son qarori bilan «Bo‘ston» xususiy korxonasiga Qarshi tumani, Xushvaqt qishlog‘i hududida qurilgan aholiga maishiy gaz ballonlarini to‘ldirish stansiyasiga egalik huquqi berilgan. 

2017 yil 29 yanvarda Vazirlar Mahkamasi tomonidan berilgan AV-3136-son litsenziya bilan «Bo‘ston» xususiy korxonasi suyultirilgan uglevodorod gazini birjadan xarid qilgan holda aholiga maishiy ehtiyojlari uchun realizatsiya qilib kelgan.

2019 yil dekabr oyida Qarshi tuman soliq inspeksiyasi korxona faoliyatida kameral tekshirish o‘tkazgan va 20 dekabrda 104 million 791 ming so‘m aksiz solig‘i to‘lash lozimligi to‘g‘risida 15-17166-sonli talabnoma berilgan. 

Korxona talabanoma noto‘g‘ri berildi deb hisoblagan va uni bajarmagan. 2020 yil 21 aprelda Qarshi tuman davlat soliq inspeksiyasi tomonidan kameral nazorat natijasida aniqlangan 110 million 790 ming so‘m qarzdorlikni undirish yuzasidan «Bo‘ston» xususiy korxonasi hisob raqamiga 330044298-son inkassa topshiriqnomasi qo‘yilgan. 

Shundan so‘ng Savdo-sanoat palatasi Qashqadaryo viloyat boshqarmasi «Bo‘ston» xususiy korxonasi manfaatida Qarshi tumanlararo iqtisodiy sudiga murojaat qilib, xususiy korxona hisobraqamiga noqonuniy qo‘yilgan 330044298-son inkassa topshiriqnomasini ijro qilishni mumkin emas deb topishni so‘ragan. 

Ish hujjatlarida xususiy korxonaning aksiz solig‘i to‘lovchisi ekanligini rad qiluvchi bir qancha dalillar mavjud bo‘lishiga qaramasdan Qarshi tumanlararo iqtisodiy sudining 2020 yil 24 iyundagi hal qiluv qarori bilan da'vo ariza rad qilingan. 

Sudning hal qiluv qarorida Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 avgustdagi 646-son «Aholi va ijtimoiy soha obektlariga kundalik hayotda foydalanish uchun suyultirilgan uglevodorod gazini yetkazib berish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarorining 5-bandida muvofiq kundalik hayotda iste'mol qilish uchun aholi va ijtimoiy soha obektlariga suyultirilgan uglevodorod gazini yetkazib berish belgilangan narxlarda faqatgina, «Hududgazta'minot» AJ va uning hududiy gaz ta'minoti tashkilotlari orqali amalga oshirilishi, shu sababli aksiz solig‘i to‘lashdan imtiyoz «Hududgazta'minot» AJ tizimidagi tashkilotlarga tatbiq qilinishi, «Bo‘ston» xususiy korxonasiga bu imtiyoz tatbiq etilmasligini ta'kidlagan.