O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Afg‘onistonda ro‘y bergan so‘nggi voqealar bo‘yicha bayonot berdi.
«O‘zbekiston Kobul shahrida sodir etilgan va ko‘plab insonlarning hayotiga zomin bo‘lgan terroristik xurujlarni qat'iyan qoralaydi.
Afg‘onistondagi barcha tomonlarni milliy yarashuv va kelishuvga erishish, ko‘p millatli Afg‘oniston xalqi manfaatlari yo‘lida mamlakatda barqaror va uzoq muddatli tinchlik o‘rnatish maqsadida bosiqlik va konstruktiv yondashuv namoyon etishga chorlaymiz.
Ushbu shafqatsiz hujumlarda qurbon bo‘lganlar va jabr ko‘rganlarning oilalariga samimiy hamdardlik izhor etamiz.
O‘zbekiston bundan keyin ham afg‘onlararo siyosiy jarayonni har tomonlama qo‘llab-quvvatlab, Afg‘onistonda tinchlik-osoyishtalik va farovonlikka erishishda keng ko‘lamli yordam ko‘rsatishda davom etadi», deyiladi bayonotda.
Afg‘onistonni tark etish istagida bo‘lgan minglab odamlar to‘plangan Kobul aeroporti oldida payshanba kuni ikki yirik portlash ro‘y berdi. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, portlash oqibatida qurbon bo‘lganlar soni 170ga yetgan, yana mingdan ortiq kishi turli darajada tan jarohatlari olgan. Terakt uchun javobgarlikni IShIDning Afg‘onistondagi bo‘limi o‘z zimmasiga olgan.












