Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toliblarni murtadlar deb biladi. Kobuldagi teraktni zimmasiga olgan guruh haqida nimalar ma'lum?
«IShID-Xuroson» Afg‘onistonda bugunga qadar paydo bo‘lgan eng qonli va radikal jihodchi guruh sifatida tanilgan.
Payshanba kuni Kobul aeroportidagi portlash oqibatida kamida 170 kishi (shundan 13 nafari amerikalik harbiy xizmatchi) halok bo‘ldi. Bu terakt uchun javobgarlikni «IShID-Xuroson» guruhi o‘z zimmasiga oldi. Shanba kuni amerikalik harbiylar Nangarhor viloyatida o‘tkazilgan amaliyotda ushbu guruhning ikki yetakchisini o‘ldirdi, Pentagon ma'lumotiga ko‘ra, ular yangi terrorchilik amaliyotlarini tayyorlash bilan shug‘ullanishgan. Amerika harbiylari Kobul aeroportida xavfsizlikka yangi tahdidlar yuzaga kelganidan ogohlantirgan.

«IShID-Xuroson» guruhi – «Al-Qoida»ning Iroqdagi bo‘linmasidan 2013 yilda ajralib chiqqan IShIDning Pokiston-Afg‘oniston mintaqasidagi bo‘linmasiga berilgan nomdir. 2015 yil yanvarida paydo bo‘lgan ushbu guruh Xuroson so‘zi inglizchada «K» harfi bilan (Khorasan) yozilgani uchun ISIS-K (The Islamic State Khorasan Province) deb nomlangan.
IShID 2013 yil aprelda Iroqda tashkil etilgach, 2014 yilda Raqqa va Mo‘sulni tezda qo‘lga kiritib, kuchayib boradi. 2015 yil yanvarida u qudrat cho‘qqisiga ko‘tariladi, Pokiston va Afg‘onistondan Iroq yoki Suriyaga borib, tashkilotga qo‘shilishni istagan jangarilarni ushbu mintaqada to‘playdi. Pokiston toliblari safini tark etgan jangarilarni o‘z safiga qo‘shadi va «IShID-Xuroson» tashkil etilganini e'lon qiladi.
Ko‘p o‘tmay, AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya IShIDning Iroq va Suriyadagi kuchini deyarli yo‘q qiladi. 2017 yilda esa tashkilot butunlay mag‘lub etilgani e'lon qilinadi.
Ma'lumotlarga ko‘ra, «Tolibon»ni «yetarlicha qattiqqo‘l deb bilmagan jangarilar uni tark etib, IShID safiga qo‘shilgan. IShID «Tolibon»ni AQSh bilan muzokara qilishga tayyorligi uchun murtad va xoin deb hisoblaydi.
Xuroson – forslar mintaqada hukmronlik qilgan paytda – bugungi Afg‘oniston, sharqiy Eron, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston va Pokistonning bir qismini o‘z ichiga olgan imperiyaning sharqiy qismiga berilgan nom edi. Xuroson fors tilida «quyosh chiqadigan joy» degan ma'noni anglatadi.
Tashkilotga ko‘plab mamlakatlardan jangarilar kelib qo‘shildi
IShID Iroq va Suriyada kuchini yo‘qotgach, Afg‘onistonga qochishga muvaffaq bo‘lgan jangarilar, shuningdek, ba'zi arab davlatlaridan, Tojikiston, O‘zbekiston, Checheniston, Hindiston, Bangladesh va Xitoydan kelgan jangarilar bilan tashkilot safi kengayadi.
2018 yildan boshlab Yevropaning ba'zi mamlakatlari va AQShda ISIS-K a'zosi sifatida 10dan ortiq gumonlanuvchi hibsga olinadi va uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilinadi.
2019 yil «IShID-Xuroson» guruhining Afg‘onistonga hujumlari kuchaygan bir paytda AQSh «Tolibon» bilan muzokaralarni boshlaydi. Amerika rasmiylariga asoslangan xabarlarda aytilishicha, bu davrda ISIS-K’ning Yevropa va AQShga uyushtiradigan hujumlari kengayishi mumkinligidan qo‘rqib, AQSh IShIDga qarshi kurashda hamkorlik qilish uchun «Tolibon» bilan muzokara olib borgan.
Bu jarayonda «Tolibon» a'zolarining ushbu tashkilotni tark etib, IShID safiga qo‘shilishi va uni kengaytirishi mumkinligidan xavotirlar yuzaga keladi.

«Tolibon» maxsus bo‘linma tuzib, ISIS-K’ga qarshi urush e'lon qildi
ISIS-K asosan Afg‘oniston sharqida, Eron chegarasidagi shia aholisiga qaratilgan qonli hujumlarni uyushtiradi. Ekspertlar fikricha, «Tolibon» o‘ziga tahdid bo‘lmasa, ISIS-K’ga qarshi kurashmagan.
Ammo mamlakat shimoli va sharqida «Tolibon» va ISIS-K o‘rtasida to‘qnashuvlar sodir bo‘lib turadi.
2015 yil yanvar oyida esa bu ikki tashkilot bir-biriga urush e'lon qiladi.
IShID javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan ilk hujum 2015 yil may oyida Nangarhor viloyatining Kot shahrida amalga oshiriladi va hujum natijasida «Tolibon» a'zolari o‘ldiriladi.
Keyinchalik IShID «Tolibon» bilan hamkorlik qilayotgan qabilalarga qarshi qirg‘in uyushtiradi, shuningdek, mintaqadagi toliblarning amaldagi rahbarlarining boshini oladi.
«Tolibon» IShID rahbari Abu Bakr al-Bag‘dodiyga yo‘llagan ochiq xatida «o‘z yutuqlarini himoya qilishga majbur bo‘lishi»ni aytib, uni ogohlantiradi.
Tashkilot tashkil etilgan yil oxirida – 2015 yil oktabr oyida «Tolibon» ming kishidan iborat maxsus bo‘linma tuzadi.
Ushbu maxsus bo‘linmaga jangovar qobiliyati va tajribasi yuqori bo‘lgan jangchilar sinchkovlik bilan tanlab olinadi, ular IShID a'zolari harakatlanadigan hududlar – Nangarhor, Farah, Hilmand va Zabul kabi viloyatlarga yuboriladi.
AQSh IShIDning bu bo‘linmasini o‘ta jiddiy tahdid deb hisoblagan, 2020 yilda AQSh harbiylari Kunar viloyatida maxsus operatsiya o‘tkazgan va «IShID-Xuroson» pozitsiyalariga hujum qilgan «Tolibon»ni havo raketalari va dronlar bilan qo‘llab-quvvatlagan.
Bundan tashqari, 2017 yilda Tramp buyrug‘i bilan «IShID-Xuroson»ning Nangarhor viloyatidagi pozitsiyasiga «barcha bombalarning onasi» degan norasmiy nom olgan, yadroviy bo‘lmagan dunyodagi eng kuchli «MOAB» bombasi tashlangan.
Keyingi yillarda ikki tashkilot o‘rtasidagi to‘qnashuvlarda ikki tomondan ham o‘nlab kishilar halok bo‘ladi.
Yuzlab shialar o‘ldirilgan
2018 yil aprelida ham Kobuldagi saylovchilarni ro‘yxatga olish markazi yaqinida «IShID-Xuroson» a'zosi bo‘lgan xudkush terrorchi tomonidan sodir etilgan terakt oqibatida 69 kishi halok bo‘lgan.
2019 yil Afg‘oniston armiyasi ISIS-K mag‘lub bo‘lganini, lekin ular pana-pastqamlardan turib hujum uyushtirishda davom etishi mumkinligini aytadi.
2020 yil may oyida poytaxt Kobulda shialar yashovchi hududdagi tug‘ruqxonaga qilingan hujumda 25 kishi o‘ldiriladi. Qurbonlarning aksari homilador yoki endigina ko‘zi yorigan ayollar va chaqaloqlar edi.
Bu davrda shialar ibodat qiladigan joylar, maktablar, kasalxonalar, AQSh armiyasi va Afg‘oniston hukumat kuchlariga qarshi olib boriladigan operatsiyalar kuchayadi. Bu hujumlarda yuzlab tinch aholi vakillari va afg‘on askarlari, shuningdek, o‘nlab xorijiy harbiylar va amaldorlar halok bo‘ladi.
Kasalxonaga hujumdan bir oy oldin – 2020 yil aprel oyida IShIDning Xuroson bo‘linmasi rahbari Abdulla Orakzay Afg‘oniston janubida qo‘lga olingandi. Biroz vaqt o‘tgach, Kobulda ushbu tashkilotga qarshi o‘tkazilgan operatsiyada ISIS-K’ning besh a'zosi o‘ldiriladi.
BMTning Afg‘onistondagi vakolatxonasi (UNAMA) 2021 yilning birinchi to‘rt oyida sodir etilgan va ular uchun IShID javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan 77 ta teraktni hisoblab chiqqan.
«IShID-Xuroson»ning oldingi rahbari Abdul Hasip 2017 yilning aprelida, undan oldingi rahbari Hofiz Sayid esa 2016 yil avgustda AQSh va Afg‘oniston qo‘shinlarining qo‘shma operatsiyasida o‘ldirilgan.
ISIS-K 2016 yil AQShning «terrorchilik tashkilotlari» ro‘yxatiga kiritilgan
14 yanvar kuni AQSh Davlat departamenti bergan yozma bayonotda «Afg‘oniston va Pokiston toliblarining sobiq a'zolari tomonidan tashkil etilgani aytiluvchi IShID-Xuroson tashkiloti xorijiy terrorchilik tashkilotlari ro‘yxatiga kiritilgani» e'lon qilinadi.
2001 yildan beri Afg‘onistonda bo‘lgan AQSh bu mamlakatda faqat «Tolibon» va «Al-Qoida» bilan kurashish huquqiga ega edi. IShIDga qarshi kurashish vakolati esa Suriya va Iroq bilan chegaralangan edi.
14 yanvardagi qarordan bir necha kun o‘tgach, AQSh Mudofaa vazirligi AQSh ma'muriyati tomonidan ISIS-K’ga ham qarshi kurashish uchun qonuniy vakolat oladi.
Bu orada tashkilot shialarga, BMT xodimlariga, AQSh kuchlariga, jurnalistlarga va Afg‘onistondagi elchixonalarga qarshi ko‘plab hujumlar uyushtiradi.
ISIS-K 2016 yil oxirida ham bir qator hujumlar bo‘yicha javobgarlikni o‘z zimmasiga olib, targ‘ibot videolarini e'lon qilish orqali o‘z kuchini isbotlashga urinadi.
Guruh qay darajada radikal?
Yaqin Sharqda IShIDning ta'siri deyarli tugagan bo‘lsa-da, ISIS-K, ayniqsa, so‘nggi yillarda Afg‘onistonda qonli va ommaviy hujumlarni uyushtirdi.
Tashkilot qizlar boradigan maktablar, tug‘ruqxonalar, shuningdek, ayollar davolanadigan shifoxonalarga hujum uyushtiradi va asosan, homilador ayollar hamda ularga g‘amxo‘rlik qilayotgan hamshiralarni o‘ldiradi.
«Tolibon»ning maqsadi Afg‘onistonda hukmronlik qilish bilan cheklangan. Ammo ISIS-K ham mintaqada keng miqyosli hujumlarni rejalashtirmoqda, ham xalqaro IShID tarmog‘ining bir qismi sifatida Yevropaga qarshi qaratilgan hujumlarni amalga oshirishni ko‘zlamoqda. Hatto imkon tug‘ilganda ushbu hujumlarni amalga oshirmoqda.
Ularning bazasi qayerda?
ISIS-K Afg‘oniston sharqida joylashgan, markazi Jalolobod shahri bo‘lgan Nangarhor viloyatida qo‘nim topgan. Bu viloyat Pokiston chegarasi orqali narkotik va odam savdosi nisbatan oson amalga oshiriluvchi hududda joylashgan.
Eng kuchga to‘lgan davrida guruhning 3 ming jangchisi mavjud edi. Biroq keyin uning ko‘plab jangchilari AQSh va Afg‘oniston armiyasi hamda «Tolibon» bilan kechgan urushlarda halok bo‘lgan.
Guruhning «Tolibon» bilan aloqasi bormi?
Aytish mumkinki, ISIS-K «Tolibon» bilan uchinchi tomon – «Haqqoniy tarmog‘i» orqali bilvosita bog‘langan.
«Tolibon» rahbarining qo‘l ostidagi ma'muriyatda eng nufuzli uch o‘rinbosardan biri bo‘lgan Sirojiddin Haqqoniy «Al-Qoida» bilan ham yaqin aloqada bo‘lgan «Haqqoniy tarmog‘i»ning rahbaridir.
Shuni yodda tutish kerakki, IShIDga «Al-Qoida»ning Iroqdagi bo‘limi rahbari Abu Bakr al-Bag‘dodiy asos solgan. Tadqiqotchilarga ko‘ra, ISIS-K va «Haqqoniy tarmog‘i» o‘rtasida kuchli aloqalar o‘rnatilgan. Bu ham mazkur tashkilotning «Tolibon» bilan aloqasi borligi haqidagi xulosaga olib keladi.
AQShning mamlakatdan chiqib ketish jarayonida – 15 avgust kuni «Tolibon» Kobul nazoratini o‘z qo‘liga olganda ham ushbu shahar xavfsizligi uchun mas'ul sifatida Sirojiddin Haqqoniyning yaqin qarindoshi Xalil Haqqoniy tayinlandi. Qayd etish joiz, Xalil Haqqoniyning boshi uchun AQSh tomonidan 5 million dollar mukofot qo‘yilgan.
Afg‘oniston sobiq vitse-prezidenti Amrulla Solih ham «Tolibon» va «Haqqoniy tarmog‘i» o‘rtasidagi bog‘liqlik haqida gapirgan.
Osiyo-Tinch okeani jamg‘armasi vakili doktor Sajjan Gohel ko‘p yillar davomida Afg‘onistondagi jangari tarmoqlarni o‘rgangan. Uning so‘zlariga ko‘ra, «2019-2021 yillar orasida Afg‘onistonda uyushtirilgan ko‘plab yirik hujumlar ortida ISIS-K, «Haqqoniy tarmog‘i» va Pokistonda joylashgan ba'zi kichik terrorchilik tashkilotlarining hamkorligi turibdi».
«Tolibon» 15 avgustda Kobulga kirganida Pul-i-Charki qamoqxonasida yotgan ko‘p sonli mahbuslarni qo‘yib yubordi. Ularning aksariyati IShID va «Al-Qoida» a'zosi sifatida ayblanib qamalgandi. Mahkumlar orasida to‘qqiz kishi joyida qatl qilingan. O‘ldirilganlardan biri Abu Umar Xurosoniy taxallusi bilan tanilgan kishi edi, u ilgari IShIDning Afg‘onistondagi bo‘linmasi yetakchilaridan biri bo‘lgan.
«IShID-Xuroson» va «Tolibon» o‘rtasida jiddiy farqlar mavjud. ISIS-K «Tolibon»ni jihodning maqsadidan chetlashishda, Qatar poytaxti Dohadagi «hashamatli va ko‘rkam mehmonxonalar»da amerikaliklar bilan bir stolda o‘tirish uchun kurashdan voz kechishda ayblaydi.
Endilikda IShID jangarilari «Tolibon» tomonidan tuziladigan hukumatga jiddiy xavf tug‘dirmoqda. Bu esa «Tolibon» va G‘arbni IShID masalasida bir tomonga yo‘naltirmoqda.
Mavzuga oid
16:46 / 24.05.2026
Pokistonda terakt oqibatida 20 dan ortiq kishi halok bo‘ldi
16:40 / 20.04.2026
Kiyevdagi terakt vaqtida politsiyachilar yosh bolani tashlab, qochib ketdi. Tafsilotlar
09:06 / 19.04.2026
Kiyevdagi otishma: «Moskvada tug‘ilgan shaxs» o‘t ochdi va supermarketda odamlarni garovga oldi
19:23 / 06.04.2026