Qashqadaryoda MIB xodimini urgan shaxsga jinoiy ish qo‘zg‘atildi
Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida aliment undirish yuzasidan olib borilayotgan ijro harakatlari davomida MIB xodimini urgan shaxsga jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Bu haqda viloyat MIB boshqarmasi axborot xizmati xabar bermoqda.
Ma'lum qilinishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Qarshi tumanlararo sudining 2018 yil 8 sentyabrdagi ijro varaqasiga asosan qarzdor E.Sadinovdan undiruvchi Z.Rahmonovaning foydasiga bir nafar voyaga yetmagan farzandining moddiy ta'minoti uchun daromadning to‘rtdan bir qismi miqdorida aliment undirish belgilangan.
Mazkur ijro hujjati 2018 yil 20 oktyabrda MIB Qamashi tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan. Shu kunning o‘zida ijro ishi yuritish to‘g‘risida qaror qabul qilinib, taraflarga ma'lum qilingan. Ularga o‘z qonuniy huquq va majburiyatlari tushuntirilgan. Shuningdek, qarzdor E.Sadinovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqish huquqlarini vaqtincha cheklash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Qayd etilishicha, E.Sadinov 2021 yil may oyigacha bo‘lgan aliment pullarini to‘lagan. Qarzdor iyun, iyul va avgust oylari uchun aliment pullarini to‘lamaganligi bois qarzdorligi 1 million 947 ming so‘mga yetgan. Davlat ijrochisi E.Sadinovga aliment pullari to‘lanmasa MJtKning 47/4-moddasi talablari asosida javobgarlikka tortilishi haqida rasmiy ogohlantirish bergan.
Da'vogar Z.Rahmonovaning murojaati asosida joriy yil 24 avgust kuni qarzdor E.Sadinovdan aliment qarzdorligini undirish maqsadida uning uyiga MIB Qamashi tuman bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari, davlat ijrochilari va xolislar birga borgan.
Majburiy ijro harakatlari davomida qarzdor va uning onasiga sud qarorida ko‘rsatilgan talablar tushuntirilib, qarzdorlikni bartaraf etish shartligi, aks holda, qarzdorlik mol-mulk hisobidan undirilishi takroran aytilgan.
Qarzdorlik bartaraf etilmaganidan so‘ng davlat ijrochilari tomonidan E.Sadinovning yashash uyidan 32 dyuymli rangli televizorni xatlab olib chiqayotgan vaqtda qarzdor va uning oila a'zolari ijro harakatlariga faol qarshilik ko‘rsatgan. So‘ng MIB xodimlarini nojo‘ya so‘zlar bilan xaqorat qilib, ularning qo‘l, yuz va tanasining turli qismlariga yengil tan jarohati yetkazgan. Mojaro davomida ular MIB xodimlarini temir bo‘lagi bilan ham urgan.
Ushbu holat yuzasidan, Qamashi tuman prokuraturasi tomonidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruvda qarzdor E.Sadinovga nisbatan Jinoyat Kodeksining 219-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. U ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mavzuga oid
08:00 / 05.12.2024
321 mln so‘mni talon-toroj qilgan MIB xodimi ushlandi
13:29 / 30.11.2024
MIB Sud ijrochilari xalqaro ittifoqi bilan hamkorlik qiladi
18:40 / 09.11.2024
MIBning Andijon va Farg‘ona viloyatlari boshqarmasi rahbarlari o‘zgardi
07:37 / 08.11.2024