Dunyo bo‘ylab grin-karta lotereyasining minglab g‘oliblari AQSh hukumatiga qarshi sudga da'vo kiritayotgani, jumladan, 2019, 2020 va 2021 yilgi DV Lottery dasturi g‘oliblari bo‘lgan 350 nafar o‘zbekistonlik AQSh hukumati bilan sudlashayotgani haqida xabar berilgandi.

Maqolada AQShning Toshkentdagi elchixonasi pandemiya tufayli hali normal viza amaliyotiga qaytmagani, holbuki, Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlarda bu jarayon allaqachon tiklangani ta'kidlangan, shuningdek, ushbu mavzu bilan bog‘liq qator muammoli vaziyatlarga e'tibor qaratilgandi.

Mavzuni o‘rganish paytida tug‘ilgan qator savollar bilan AQShning Toshkentdagi elchixonasiga murojaat qilgan edik. Elchixonaning konsullik bo‘limi Kun.uz tahririyatining savollariga javoblarini taqdim etdi.

– AQShning O‘zbekistondagi elchixonasida koronavirus pandemiyasi davrida joriy etilgan cheklovlar bekor qilinganmi? Elchixona faoliyati to‘liq cheklanganmi?

– AQShning Toshkentdagi elchixonasi COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyatni kuzatib, mijozlarning xavfsizligini ta'minlash choralarini ko‘rmoqda. Xodimlarimiz va mijozlarimizning salomatligi hamda xavfsizligi biz uchun ustuvor masala bo‘lib qolaveradi. AQSh elchixonasi ishlashda, AQSh hamda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga xizmat ko‘rsatishda, shu jumladan, viza xizmatlarini ko‘rsatishda davom etadi.

– Ayni paytda konsullik tomonidan talabgorlarga qaysi turdagi vizalar taqdim etish tiklangan? Joriy yilning 8 oyida elchixona tomonidan qancha miqdorda va qanday turdagi vizalar berildi?

– AQShning Toshkentdagi elchixonasi O‘zbekiston fuqarolari va rezidentlariga viza xizmatlari ko‘rsatishni davom ettirmoqda. Konsullik bo‘limi O‘zbekiston va Qo‘shma Shtatlardagi oilalarning imkon qadar tezroq birlashishini ta'minlash maqsadida qonuniy domiy rezidentlar (grin-karta egalari) hamda AQSh fuqarolarining oila a'zolari uchun immigratsion vizalar berishni birinchi o‘ringa qo‘yadi. Immigratsion vizalarning aksariyat turlari elchixonada qayta ishlanmoqda, lekin imkoniyatlarimiz cheklangan. Havo hamda dengiz ekipajlari, sarmoyadorlar, almashinuv dasturi bo‘yicha tashrif buyuruvchilar, talabalar, shuningdek, H1-B ixtisoslik kasblari bo‘yicha arizalarning mualliflari noimmigratsion vizalarni olishlari mumkin.