10:04 / 20.09.2021
829

Samarqand viloyatida joriy yilda yong‘inlarning 90tasi yosh bolalar ishtirokida sodir bo‘lgani ma'lum qilindi

Samarqand viloyatida joriy yilning o‘tgan 8 oyi mobaynida 712 ta yong‘in sodir bo‘lgan. Ularning 90 tasida yong‘in kelib chiqishiga bolalar sabab bo‘lgan. Bu haqda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Samarqand viloyatida joriy yilning o‘tgan 8 oyi davomida jami 712 ta yong‘in sodir bo‘lgan. Yong‘inlardan ko‘rilgan moddiy zarar miqdori 9 milliard 693 million so‘mni tashkil qilgan. Yong‘inlar oqibatida 9 nafar fuqaro vafot etgan, 22 nafar fuqaro turli darajadagi kuyish tan jarohati olib kasalxonaga yotqizilgan.

Qayd etilishicha, 2021 yilda yong‘inlar 2020 yilning shu davriga nisbatan 118 taga yoki 19,9 foizga ko‘paygan. Yong‘inlarning 90 tasi yosh bolalar tomonidan sodir etilgan va bu ko‘rsatkich ham 2020 yilning shu davriga nisbatan 23 ta ko‘p bo‘lgan (2020 yil 67 ta).

Masalan, Bulung‘ur tumani «Lalmikor» MFY, Eshmonto‘p qishlog‘ida yashovchi 1958 yilda tug‘ilgan A.N.ning xonadonida yong‘in sodir bo‘lgan va uyning 80 metr kvadrat shift, tom va uy jihozlari yonib ketgan. Yong‘indan uyning 100 metr kvadrat maydoni saqlab qolingan. Yong‘inning sababi o‘rganilganda, uning sodir bo‘lishiga 2012 yilda tug‘ilgan S.B.ning gugurt o‘ynashi sabab bo‘lgani aniqlangan.

Ta'kidlanishicha, yuqoridagilarni inobatga olib, Samarqand viloyat FVB va uning Davlat yong‘in nazorati xodimlari hamda MTT xodimlari bilan birgalikda bog‘chalarda, maktablarda va aholi yashash joylarda bolalarga yong‘in xavfsizligi qoidalarini va yong‘in sodir bo‘lganda harakat qilish tartibini o‘rgatish ishlari olib borilgan.

Top