Prezident Shavkat Mirziyoyev umumxalq bayrami — O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan soha xodimlarini qutlab, tabrik yo‘lladi. Tabrik matni prezident matbuot xizmati tomonidan e'lon qilindi.

Quyida tabrik matni to‘lig‘icha taqdim etiladi.

Muhtaram ustoz va murabbiylar!

Qadrli faxriylar!

Avvalo, siz, azizlarni, ta'lim-tarbiya sohasining barcha jonkuyar xodimlarini umumxalq bayrami — O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Ushbu qutlug‘ ayyomda siz, zahmatkash ustozlarga ko‘nglimizda, yuragimizda bo‘lgan yuksak hurmat-ehtirom va ezgu tilaklarni so‘z bilan to‘liq ifoda etish qiyin, albatta. Chunki sizlar dunyodagi eng bebaho boylik va boqiy merosni yaratish, uni xalqimizga, unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodimizga bezavol yetkazish yo‘lida chinakam fidoyilik ko‘rsatib mehnat qilayotgan ulug‘ insonlarsiz. Bu ulkan boylik — aql-zakovat va ilm, bu o‘lmas meros — yaxshi tarbiyadir.

Shu bois bugun sizlarning sha'ningizga bildirayotgan olijanob istaklarimiz, ta'zim va tashakkurlarimizni butun el-yurtimizning cheksiz hurmat va ehtiromi ramzi sifatida qabul etgaysiz.

Aziz yurtdoshlar!

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda ilm-fan va ta'lim-tarbiya sohasini davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylantirishga qaratilgan, oilada farzand tug‘ilganidan boshlab, kamolot yoshiga yetgunga qadar uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydigan, hayotda munosib o‘rin topishiga xizmat qiladigan yaxlit va uzluksiz tizim yaratilmoqda.

Biz bu jarayonda inson kapitaliga e'tiborni yanada kuchaytirish, buning uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etish borasida muhim dastur va loyihalarni amalga oshirmoqdamiz. Masalan, besh yil oldin yurtimizda 5 ming 211 ta bog‘cha faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, hozirgi kunda bu raqam 19 ming 316taga, tizimdagi qamrov 62 foizga, 6 yoshdagi bolalar o‘rtasida esa 77 foizga yetdi.

Mamlakatimizda yangi turdagi va yangi sifat bosqichidagi ta'lim maskanlari, xususan, Prezident maktablari, ijod maktablari, ixtisoslashgan maktablar faoliyat yuritmoqda. Hozirgi kunga kelib, matematika yo‘nalishida 112ta, fizika yo‘nalishida 14ta, kimyo-biologiya bo‘yicha 87ta, informatika va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha 99ta, xorijiy tillar bo‘yicha 207ta ixtisoslashgan maktablar faoliyat olib borayotganini alohida ta'kidlab o‘tish lozim.