12:38 / 01.10.2021
11861

O‘zbekistonga yana bir «Afrosiyob» tezyurar poyezdi olib kelindi

“Afrosiyob” elektropoyezdining harakatlanuvchi tarkibi Toshkentga yetib keldi. Bu haqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” axborot-tahliliy media markazi xabar berdi.

2019 yilning iyun oyida «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ Ispaniyaning Patentes Talgo S.L.U. kompaniyasi bilan Talgo-250 seriyali ikkita tezyurar elektropoyezd sotib olish uchun shartnoma imzolagandi.

Kelishuvlarga ko‘ra, bu yil oktabr oyigacha «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ lokomotiv parkini ikkita tezyurar «Afrosiyob» elektropoyezdi bilan to‘ldirish kerak edi. 

Elektropoyezdlarning birinchisi shu yilning iyulida avvaliga Ispaniyaning Bilbao shahridan kema orqali Rossiyaning Sankt-Peterburg shahriga olib kelingan, 24 iyul kuni Toshkentga yetib kelgandi.  Ikkinchi poyezd shu yilning 16 sentyabrida Rossiyaga kelgan va O‘zbekiston tomon yo‘lga chiqqandi.

Shu tariqa,  Patentes Talgo S.L.U. kompaniyasi o‘z majburiyatlarini to‘liq va o‘z vaqtida bajardi.

Ushbu harakatlanuvchi tarkib oltinchisi bo‘lib, investitsiya loyihasi doirasida sotib olingan. Loyihaga ko‘ra, ikkita poyezddan tashqari, ispan kompaniyasi to‘rtta zaxira ekonom-klass vagonlari, shuningdek, poyezdlarga texnik xizmat ko‘rsatish uchun uskunalar yetkazib beradi. Shartnoma Ispaniya kompaniyalarining korporativ xalqaro jamg‘armasi krediti hisobidan moliyalashtiriladi.

Mavzuga oid
Top