O‘zbekistonning yalpi ichki mahsuloti joriy va kelgusi yilda o‘sishi kutilmoqda. Bu haqda Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha iqtisodiy hisobotining yangi nashrida ma'lum qilindi.
Qayd etilishicha, 2021 yilda ichki investitsiyalar, xalqaro savdo va pul o‘tkazmalarining tiklanishi iqtisodiyotning 6,2 foizga o‘sishiga, shuningdek, ishsizlik va kambag‘allikning qisqarishiga yordam beradi.
O‘zbekiston iqtisodiyotining so‘nggi tendensiyalari
2020 yilda O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti o‘sishining 1,7 foizgacha sekinlashuvidan so‘ng 2021 yilning birinchi yarmida YaIM 6,2 foizgacha o‘sdi. Sanoat va xizmat sohasining ishonchli o‘sishi qishloq xo‘jaligining sust o‘sishini qopladi. Uy xo‘jaliklari daromadi va ichki investitsiyalarning o‘sishi, budjet mablag‘larining inqirozga qarshi choralarni amalga oshirish uchun sarflanishi, shuningdek, soliq imtiyozlari 2021 yilda iqtisodiyotning mustahkam o‘sishiga yordam berdi.
Oltin eksporti hajmini qisqartirish bo‘yicha qaror to‘lov balansining joriy balansi taqchilligini 2021 yilning birinchi yarmida yalpi ichki mahsulotning 10 foizigacha oshirdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yili YaIMning 7,3 foizini tashkil etgan edi. Biroq 2020 yilda savdo hamkorlarining mis, to‘qimachilik, o‘g‘itlar, oziq-ovqat va mashinasozlik kabi mahsulotlarga talabi qisqarganidan keyin hozirda ushbu tovarlar eksporti tiklanmoqda.
Eksportning umumiy hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 12,3 foizga oshdi. Xususiy iste'molning o‘sishi va mashinalar, uskunalar va xomashyoga bo‘lgan talabning tiklanishi hisobiga 2021 yilning birinchi yarmida import 14,3 foizga o‘sdi. Bu savdo balansi taqchilligining 2020 yilning birinchi yarmidagi YaIMga nisbatan 16,2 foizidan 2021 yilning birinchi yarmida 18,8 foizga oshishiga olib keldi. Pul o‘tkazmalarining barqarorligi (2021 yilning birinchi yarmida YaIMning 8,7 foizi) salbiy savdo balansini bartaraf etishga yordam berdi. 2021 yilning birinchi yarmida budjet taqchilligi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5,4 foizni tashkil etdi.
Budjet taqchilligi davlat qarzining o‘sishi hisobidan moliyalashtirilgan bo‘lsa-da, nominal YaIMning o‘sishi 2021 yilning birinchi yarmida davlat qarzining YaIMga nisbati YaIMning 38,5 foizigacha kamayishiga olib keldi.
Hukumat 2021 yilda 5,5 milliard AQSh dollari chegarasida o‘rnatilgan tashqi qarzlar bo‘yicha cheklovlarga rioya qilishning uddasidan chiqmoqda. Oltin-valuta rasmiy zaxiralari 2021 yil iyulda 34,1 milliard dollarga yetdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 1,8 milliard dollarga ko‘proqdir.
Inflatsiya darajasi 2020 yil iyun oyidagi 14,7 foizdan 2021 yil iyun oyida 11 foizgacha kamaydi. Biroq bu ko‘rsatkich oziq-ovqat narxining o‘sish sur'ati tufayli hali ham ikki xonali raqamligicha qolayotgan edi. Inflatsiya bo‘yicha kutilmalarning noaniqlik darajasini hisobga olib, Markaziy bank bazaviy stavkani 14 foiz darajasida qoldirdi. Bu ko‘rsatkich 2020 yil sentabr oyidan beri o‘zgarishsiz qolmoqda.







