Pokiston bosh vaziri Imron Xon mamlakat «milliy qahramoni»dan ayrilganini ma'lum qildi. «Xalqimiz uni sevardi, chunki uning xizmatlari tufayli biz yadro quroliga ega bo‘lgandik», deya yozgan Pokiston hukumati rahbari tvitter orqali.
85 yoshda bo‘lgan Abdul Qodir Xon yaqinda koronavirus tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgandi.
MRBning sobiq direktori Jorj Tenet uni kamida «Al-Qoida» rahbari va AQShdagi 11 sentabr hujumlari tashkilotchisi bo‘lgan Usama bin Lodin kabi xavfli shaxs ekanini aytgan.
2004 yilda Xon o‘zining rahbarligida yadro texnologiyalari xalqaro qora bozori faoliyat yuritganini tan olib, yadroviy sirlarni Eron, Shimoliy Koreya va Liviyaga yetkazish bo‘yicha javobgarlikni o‘z zimmasiga olgach, hibs qilingan. Telemurojaatida u «pushaymondaligi va kechirim so‘rashi»ni aytgan. Pokistonning o‘sha vaqtdagi prezidenti Parviz Musharraf uni afv etgan, ammo fizik 2009 yilga qadar uy qamog‘ida qolgan.
G‘arbdagilar Xonga haddan tashqari yumshoqlik qilinganidan norozi bo‘lishgan, vatanida esa u milliy g‘urur ramziga aylangan. «U bizga mamlakatimizni qutqarib qolgan yadroviy qurolga ega bo‘lishda yordam bergan. Minnatdor xalqimiz uning xizmatlarini hech qachon unutmaydi», deydi Pokiston prezidenti Arif Alvi.
Pokiston yadro bombasini qanday qilib qo‘lga kiritgan?
BBC’ning xavfsizlik masalalari bo‘yicha korrespondenti, Xon haqida kitob yozgan Gordon Koreraning ma'lumotiga ko‘ra, ushbu fizik 1970-yillarda Niderlandiyada, uranni boyitish uchun gaz sentrifugalarini ishlab chiqaruvchi URENCO (Buyuk Britaniya, Germaniya, Niderlandiya) Yevropa konsorsiumida ishlagan. Aynan o‘shanda Pokiston yadro qurolini ishlab chiqarishga kirishgandi, mamlakat 1971 yilda Hindistondan harbiy mag‘lubiyatga uchragan va raqib tomon birinchi bo‘lib atom bombasiga ega bo‘lishidan xavfsiragan.

Koreraning so‘zlariga ko‘ra, Xon «shunchaki eng ilg‘or sentrafugalar qurilmalari chizmalarini ko‘chirib olib uyga qaytishga muvaffaq bo‘lgan». Shundan so‘ng u asosan yevropalik biznesmenlardan iborat maxfiy tarmoq ochgan, uni sentrifugalar yaratish uchun zarur komponentlar bilan ta'minlab turishgan. Boyitilgan uran atom elektrostansiyalari faoliyati uchun qo‘llanadi, agar boyitish darajasi yetarlicha yuqori bo‘lsa, atom quroli yaratish uchun foydalanish ham mumkin.










