Koronavirus bilan bog‘liq vaziyat og‘irlashgani munosabati bilan Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakatda 30 oktyabrdan 7 noyabrgacha bo‘lgan muddatni ishlanmaydigan kunlar sifatida belgiladi. Chorshanba kuni Rossiyada kunlik o‘lim holatlari bo‘yicha navbatdagi rekord ko‘rsatkich qayd etildi. OAV ma'lumotiga ko‘ra, Moskva rasmiylari qisqa muddatli lokdaun joriy etish masalasini muhokama etmoqda.
Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Tatyana Golikova 19 oktabr kuni Rossiyada 30 oktyabrdan 7 noyabrgacha (4 noyabr kuni Xalq birligi kuni nishonlanadi, 5 noyabrdan 7 noyabrgacha shundoq ham dam olish kunlari edi) ishga chiqilmaydigan haftalik e'lon qilishni taklif etgandi. Chorshanba kuni u prezident ishtirokidagi onlayn yig‘ilishda bu taklifni takrorlagan.
Bundan tashqari, Golikova vaziyat nisbatan og‘ir hududlarda ishlanmaydigan kunlar rejimini 23 oktyabrdan boshlashni, QR-kodlarni keng joriy etishni va xavf guruhiga mansub bo‘laturib vaksina qabul qilmaganlar uchun ihotalanish rejimi e'lon qilish bo‘yicha takliflar bergan. Shuningdek, bosh vazir o‘rinbosari rossiyaliklarni boshqa regionlarga safar qilishdan tiyilishga chaqirgan.
O‘z navbatida, yana bir bosh vazir o‘rinbosari Andrey Belousov hukumat ishlanmaydigan kunlar sharoitida biznesni qo‘llab-quvvatlash choralarini tayyorlaganini bildirdi. Ulardan biri - kichik va o‘rta biznesning cheklovlardan zarar ko‘rgan tarmoqlarida ishlovchi bir kishiga bir martalik mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorini to‘lashni nazarda tutadi. To‘lovlar 15 noyabrdan 31 dekabrgacha amalga oshiriladi.
Belousovning hisob-kitoblariga ko‘ra, ishlanmaydigan kunlar tufayli yuzaga keladigan qariyb ikki haftalik tanaffus biznesga taxminan 60 mlrd rublga tushadi.
Putin Golikovaning takliflariga rozilik bildirdi. U mamlakatda vaksinatsiya darajasi past sur'atlari saqlanib qolayotganini ta'kidlab, bugungi kunda koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha qo‘shimcha choralarni joriy etishga zarurat borligini aytib o‘tgan.
Moskvada lokdaun bo‘ladimi?
«Forbs» jurnali ma'lumotiga ko‘ra, Moskva rasmiylari ishlanmaydigan kunlar vaqtida qisqa muddatli lokdaun joriy etishni rejalashtirmoqda. Nashr manbasining so‘zlariga ko‘ra, 30 oktyabrdan 7 noyabrgacha, savdo markazlari, restoranlar, kafelar, do‘konlar, go‘zallik salonlari, kinoteatrlar va poliklinikalarga kirishda cheklovlar joriy etilishi mumkin.
Suhbatdoshning so‘zlariga ko‘ra, cheklovlar barchaga, hatto emlangan va kasallikni boshdan kechirganlarga ham taalluqli bo‘ladi, QR-kod rejimi joriy etish hozircha rejalashtirilmagan.
















