Iqtisodiyot | 18:17 / 21.10.2021
13130
2 daqiqa o‘qiladi

MB: Oziq-ovqat va yonilg‘i narxlari oshishi inflatsiya pasayishiga to‘sqinlik qildi

Sentyabrda inflatsiya bazaviy ko‘rsatkichlarda prognozlardan yuqori, ya'ni 10,8 foiz miqdorida shakllandi. Bunga oziq-ovqat va yonilg‘i narxlari oshishi sabab bo‘ldi.

Markaziy bank boshqaruvining 21 oktyabrdagi yig‘ilishida asosiy stavkani 14 foiz miqdorida o‘zgarishsiz qoldirish borasida qaror qabul qilindi. Markaziy bank e'lon qilgan rasmiy relizda inflatsiyaga oid qator muhim keyslarni ko‘rish mumkin.

Masalan:

- Sentabr oyi yakunlariga ko‘ra, inflatsiya 10,8 foizni tashkil etib bazaviy ssenariy doirasidagi prognoz ko‘rsatkichlaridan biroz yuqori shakllanmoqda.

- Joriy yilda umumiy inflatsiya dinamikasini belgilaydigan asosiy drayver oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘zgarishi bo‘lib, yillik inflatsiya darajasiga 6,1 foiz bandlik oshiruvchi hissa qo‘shdi.

- Nooziq-ovqat va xizmatlar guruhlari narxlarining sentabr oyida yillik o‘sish sur'atlari mos ravishda 7,7 va 8,8 foizni tashkil etib, umumiy inflatsiyaning sekinlashishiga xizmat qilmoqda.

- Monetar omillarga ta'sirchan bo‘lgan bazaviy inflatsiya joriy yilning iyun oyidan boshlab umumiy inflatsiyadan past darajada shakllanib, sentyabrda yillik 9,2 foizni tashkil qildi va yil boshidagi ko‘rsatkichga nisbatan 3 foizga pasaydi.

- Sentabr oyida aholining kelgusi o‘n ikki oylik inflyatsion kutilmalari 15,8 foizgacha va tadbirkorlik sub'yektlariniki esa – 14,7 foizgacha pasaydi. Lekin shu bilan birga, ko‘plab davlatlar qatori O‘zbekistonda ham umumiy inflatsiyaga nisbatan yuqori darajalarda saqlanib qolmoqda.

- Bu albatta, birinchi navbatda, oziq-ovqat narxlari va yonilg‘i mahsulotlari narxlari o‘sishining yuqori sur'atlari kuzatilayotgani bilan izohlanadi. Sentabr oyi yakunlari bo‘yicha oziq-ovqat mahsulotlari narxi yillik hisobda 14,4 foizga o‘sgan bo‘lsa, yonilg‘i mahsulotlariniki 23,2 foizga o‘sdi. Ushbu guruh mahsulotlari narxlari o‘sishi umumiy inflatsiyaning pasayish tendensiyasiga salbiy ta'sir ko‘rsatgan asosiy omillardan bo‘ldi.

Avvalroq Markaziy bank dori-darmon va oziq-ovqat narxlari keskin oshishi ehtimolidan ogohlantirgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid