Markaziy bank dori-darmon va oziq-ovqat narxlari keskin oshishi ehtimolidan ogohlantirdi
Go‘sht importi oshayotganiga qaramay, narx qimmatlashdan to‘xtamayapti. Markaziy bank hukumatni hududlarda chorva uchun ozuqa bazasini ko‘paytirish va mahalliy ishlab chiqarish hajmlarini oshirishga chaqirdi.
Kelgusi oylarda pandemiya bilan bog‘liq vaziyatning o‘zgarishi sharoitida dori-darmonlar, tibbiy xizmatlar va asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari keskin oshishi mumkin. Markaziy bank hukumatni buning oldini olish bo‘yicha chora ko‘rishga chaqirdi.
Pul bozori regulyatori, shuningdek, karantin bilan bog‘liq cheklovlarning umumiy ovqatlanish, transport va yetkazib berish xizmatlari sohalaridagi narxlarga ta'sirini kamaytirish zarurligini ham qayd etgan.
Bu haqda Markaziy bank Boshqaruvining 29 iyul kungi yig‘ilishida qabul qilingan qarorlar bo‘yicha rasmiy sharhda so‘z boradi.
MB relizida qayd etilishicha, go‘sht mahsulotlari va qoramollar importi hajmining oshib borishiga qaramay, ichki bozorlarda go‘sht mahsulotlari narxlarining o‘sish dinamikasi saqlanib qoladi. Bu esa hududlarda chorva uchun zaruriy ozuqa bazasini ko‘paytirish va mahalliy ishlab chiqarish hajmlarini oshirish orqali bu mahsulotlarning barqaror taklifini shakllantirish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirishni taqozo etadi.
Ta'kidlanishicha, 2021 yilning iyun oyi yakunlari bo‘yicha yillik inflatsiya darajasi may oyida kuzatilgani kabi 10,9 foizni tashkil etib, so‘nggi 4-5 oydan beri deyarli o‘zgarishsiz shakllanmoqda.
Iyun oyida o‘tkazilgan so‘rovlarga ko‘ra, kelgusi 12 oy uchun aholining inflyatsion kutilmalari 16,3 foizni tashkil etib, mart oyiga nisbatan 0,8 foiz bandga o‘sdi. Inflatsiya ham, inflyatsion kutilmalar ham yuqori darajada qolayotgani hamda ularning asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘zgarishiga ta'siri kattaligi inflyatsion vaziyatni kuchaytirishi mumkin.
Markaziy bank inflatsiya bo‘yicha 2021 yil uchun prognoz ko‘rsatkichni 9-10 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi. Shuningdek, asosiy stavka ham yillik 14 foiz darajasida saqlab qolindi.
Mavzuga oid
11:56 / 11.11.2024
Turkiy davlatlar tashkiloti Markaziy banklari kengashi tashkil etiladi
18:34 / 08.11.2024
Markaziy bank 7 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotini jarimaga tortdi
23:10 / 07.11.2024
O‘zbekiston oltin-valuta zaxiralari 43 mlrd dollardan oshdi
08:10 / 02.11.2024