Yevropa Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Demokratik institutlar va inson huhuqlari bo‘yicha byurosi (YeXHT DIIHB), YeXHT Parlament Assambleyasi (YeXHT PA) va Yevropa Parlamenti kuzatuvchilarning qo‘shma missiyasi so‘nggi yillarda mamlakatdagi huquqiy baza jiddiy isloh qilingani va o‘zgarishlarning aksariyati avvalgi tavsiyalarga mos tarzda amalga oshirilganini tan oldi. Shunga qaramay, kuzatuvchilar saylov qonunchiligida hali qator kamchiliklar mavjudligi va u hamon demokratik saylovlarning xalqaro standartlariga to‘liq javob bermasligini ta'kidlab o‘tdi.
«Mamlakat Konstitutsiyasida insonning asosiy huquq va erkinliklari kafolatlanganiga qaramay, ular boshqa qonunchilik hujjatlari bilan cheklangan va amaliyotda ulardan yetarlicha qo‘llanayotgani yo‘q», deyiladi hisobotda.

Maxsus koordinator va YeXHTning qisqa muddatli kuzatuvchilar missiyasi rahbari Raynhold Lopatkaning fikricha, ushbu saylov, hozirgacha erishilgan yutuqlarning tasdig‘i sifatida so‘nggi yillardagi demokratik islohotlar davom ettirilishi zarurligini ko‘rsatib berdi. «Saylovda biroz yetishmagan asosiy erkinliklarga bo‘lgan to‘laqonli hurmat va siyosiy kuchlar o‘rtasidagi haqiqiy raqobat kishilarning demokratik orzu-umidlari ro‘yobga chiqishi uchun o‘ta muhim omildir», deydi u.
Qonunbuzarliklar
Qo‘shma missiya, ko‘plab saylov uchastkalarida saylov kunidagi ovoz berish jarayonini ijobiy baholab bo‘lmasligiga ham to‘xtaldi. Qo‘shma missiya hisobotiga ko‘ra, saylovda saylovchilarning ishtiroki 80 foizdan yuqori bo‘lgan, ammo unda ko‘plab jiddiy qonunbuzarliklar kuzatilgan. «Xususan, ko‘p sonli saylovchilar tegishli tartiblar qo‘llanilmagan tarzda saylovchilar ro‘yxatiga qo‘shilgan, shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz o‘z saylov byulletenlarini topshirishi yoki boshqalar nomidan ovoz berish holatlariga yo‘l qo‘yilgan», deyiladi hisobotda.
Kuzatuvchilar, shuningdek, bir qancha saylov uchastkalarida saylov qutilariga bir kishi tomonidan bir necha byulletenlar tashlangan vaziyatlarni ham qayd etishgan. Ko‘p hollarda ovozlarni sanash tartib-qoidalariga rioya qilinmagani, saylov uchastkalarida esa natijalarni qayd etishda nomuvofiqliklar sababli ba'zi qiyinchiliklarga duch kelingani aytilgan.

«Mamlakatda yaqinda o‘tkazilgan va hozirda olib borilayotgan islohotlar istiqbolda o‘z mevasini berishi aniq. Biroq muxolifat partiyaning yo‘qligi va haqiqiy raqobat sezilmagani hamda saylov kuni ko‘zga tashlangan qator qoidabuzarliklar demokratiya jarayoni yo‘lidagi jiddiy to‘siq sifatida baholanishi mumkin», dedi Yevropa Parlamenti delegatsiyasi rahbari Haydi Hautala.









